2024 yil sarhisobi: “Ikki marta davlat stipendianti bo‘ldim”

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti iqtisodiyot (qishloq xo‘jaligida) ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Damirjon Alimov bu yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohibi bo‘ldi.

- O‘tgan yili Islom Karimov nomidagi davlat stipendianti bo‘lgandim, - deydi Damirjon Alimov. – Yangi o‘quv yilida yana omad kulib boqdi. Hatto o‘zim bunday yutuqni qo‘lga kiritishni o‘ylamagandim.

Prezident stipendiyasini qo‘lga kiritish uchun, avvalo, talaba 4-bosqichda o‘qishi, 1-bosqichdan barcha fanlardan “5” baho olgan bo‘lishi lozim. Tanlov ikki bosqichda, ya’ni institut va respublika bosqichi bo‘lib o‘tadi. Institut bosqichida talabgorlardan O‘zbekiston tarixi, axborot texnologiyalari va chet tilidan test savollari beriladi. Har bir davlat oliy ta’lim muassasasidan yuqori ball to‘plagan 3 nafargacha bo‘lgan talaba respublika bosqichida ishtirok etadi. Tanlovning respublika bosqichida test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan olinadi. Test sinovida yuqoridagi fanlardan 100 ta savol beriladi.

Bundan tashqari, talabaning kamida beshta ilmiy maqolasi ilmiy nashrlarda chop etilgan bo‘lishi, chet tilini bilish sertifikati, ko‘rik-tanlovlarda qatnashganligi ham baholash komissiyasi tomonidan e’tiborga olinadi. Ushbu talablarga munosib javob berganim uchun bu yil ham davlat stipendianti bo‘lishga erishdim. 

Ayni kunda ustozim Shukrullo Muratov bilan chorvachilikda iqtisodiy samaradorlikni oshirish bo‘yicha startap loyiha boshlab qo‘yganman. Kelajakda mazkur sohasida amalga oshiradigan rejalarim ko‘p.