2024 yil sarhisobi: Yoshlar ittifoqining loyihalari qanday samara beryapti?
Iste’dodli yoshlarni izlab topish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, qobiliyatlarini namoyon etishiga va rivojlantirishiga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan yuzlab tadbir va loyihalar amalga oshirildi.
Poyoniga yetib borayotgan 2024 yil yoshlar ittifoqining faol a’zolari, talaba-yoshlar uchun esda qolarli yil bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. Chunki ularning o‘z taklif va tashabbuslari bilan 34 ta yirik loyiha doirasida 280 ta turli yo‘nalishlarda tadbirlar o‘tkazildi. Ularga jami 270 ming nafar yosh qamrab olindi. Har bir tadbir yoshlarni yagona maqsad sari birlashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jinoyatchilikning oldini olishda o‘ziga xos o‘rin tutdi.
“Tengdosh tengdoshga ko‘makchi” loyihasi oliy ta’lim muassasalari yetakchilari va koordinatorlarining o‘zaro tajriba almashishi uchun yo‘lga qo‘yilgan yirik tadbir bo‘ldi. O‘ndan ziyod ma’naviy-ma’rifiy kechalar, sport musobaqalari hamda seminar-treninglarni o‘z ichiga olgan loyiha doirasida bir oliy ta’lim muassasasidagi yoshlari boshqa oliy o‘quv yurtiga borib, tengdoshlari bilan birgalikda tadbirlar tashkil etdi, do‘stona muhit yaratildi. Jumladan, vilyaotdagi oliy o‘quv yurtlarida faoliyat ko‘rsatayotgan yetakchi va koordinatorlardan iborat 50 kishilik jamoa Samarqand davlat universitetining Urgut hamda Kattaqo‘rg‘on filialida, shuningdek, Samarqand davlat iqtisodiyot va servis instituti, Samarqand davlat tibbiyot universitetida bo‘ldi. Jamoaning har bir a’zosi tengdoshlariga ko‘mak ko‘rsatdi.
“Yetakchilikdan - rahbarlik sari” loyihasi ilk faoliyatini yetakchilikdan boshlab, bugungi kunda rahbarlik vazifasini bajarayotgan shaxslarning ish faoliyati, hayot yo‘lini yoshlarga o‘rnak sifatida ko‘rsatib, ularga motivatsiya berish maqsadida tashkil qilingan. O‘tayotgan yilda viloyat hokimining o‘rinbosarlari Rustam Qobilov, Husan To‘xtayev va boshqa ko‘plab rahbarlarning yoshlar bilan uchrashuvlarini tashkil etdik.
Shuningdek, “Zakovat”, “Mutolaa”, “Xabardormisiz?” va boshqa loyihalar doirasida ham yoshlar uchun manfaatli tadbirlar tashkil etildi.
Yangi 2025 yilda ham Kengash tomonidan aniq rejalar tuzilgan. Xususan, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni milliy qadriyatlarga hurmat, o‘z xalqi, ona yurtiga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Xavfsizligingga qalqonman, ona Vatan”, “To‘maris izdoshlari”, “Xabardormisiz”, “Bir yetakchiga besh loyiha”, “Birgalikda o‘zgaramiz”, “Men o‘qigan kitob” kabi 40 dan ziyod loyiha va tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yil nomidan kelib chiqib, yoshlarimizning tabiatga bo‘lgan munosabatini mustahkamlashga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirishni ham maqsad qilganmiz.
Dilfuza AZIZOVA,
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi.