2024 yilgi ilmiy kashfiyotlar dunyo haqidagi tushunchamizni o‘zgartiradi
Ilm-fan sohasidagi ishlarga juda boy 2024 yil kosmos sirlaridan tortib qadimgi dengiz yirtqich hayvonlarigacha ongimizni hayajonga soladigan ko‘plab voqealarni olib keldi. Quyida eng ko‘p muhokamalar sababchisi bo‘lgan voqea va hodisalar keltirilgan.
Koinot biz o‘ylagandan ham sirliroq bo‘lib chiqdi
O‘tgan yilning boshida James Webb va Hubble kosmik teleskoplari tomonidan olib borilgan qo‘shma kuzatuvlar koinot haqidagi bilimimizni shubha ostiga qo‘yib kelayotgan anomaliyani tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, koinot turli yo‘nalishlarda va turli tezliklarda kengayib bormoqda. Birinchi marta 2019 yilda kuzatilgan bu hodisa qo‘shimcha 2024 yilning fevralida tasdiqlandi.
Marsdagi "o‘rgimchaklar"
Aprel oyida Yevropa kosmik agentligi Marsning janubiy qutbi yaqinidagi “Inklar shahri” shakllangan hudud yaqinida g‘alati qora o‘rgimchakka o‘xshash belgilarni aniqladi. Yupqa "panjalari" bo‘lgan o‘rgimchaklar to‘planishiga o‘xshash bu noodatiy tuzilmalar karbonat angidrid muzining erishi natijasida yuzaga kelgan mavsumiy geologik hodisa bo‘lib chiqdi. Keyinchalik olimlar bu tuzilmalarni Yerda qayta tiklashga muvaffaq bo‘lishdi.
200 million yillik dengiz yirtqich maxluqi
Shuningdek, aprel oyida olimlar eng katta dengiz yirtqichlar qoldiqlarini topdi. Somersetdagi (Buyuk Britaniya) plyajda 25 metr uzunlikdagi trias davriga oid yirtqichlar suyaklari topildi, bu avvalgi rekordchi - 21 metr uzunlikdagi shonizavrdan sezilarli darajada oshib ketdi. Yangi tur «Ichthyotitan Severnensis» nomini oldi, bu “Severna ulkan baliq kaltakesaki” degan ma’noni anglatadi.
Yer ichki yadrosining aylanishi sekinlashmoqda
2014 yildan beri olimlar Yerning suyuq tashqi qobiq bilan o‘ralgan qattiq qismi - ichki yadrosining aylanishi sekinlasha boshlaganini payqashdi. Bu sekinlashuv yadroning tashqi qobig‘i va tortishish kuchlari bilan o‘zaro ta’siridan kelib chiqishi mumkin. Bu bizning hayotimizga qanday ta’sir qilishini aytish qiyin, biroq, Yerdagi kunlar biroz uzayishi mumkinligi taxmini olg‘a surilmoqda.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.