2025 yil soliq sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

2024 yil 24 dekabrda “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu qonun bilan 2025 yilgi soliq sohasidagi o‘zgarishlar ham tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, tovar (ish, xizmat)larning elektron savdosini amalga oshiruvchi soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘i stavkasi – 10 foiz etib belgilandi (oldin 7,5 foiz). Tovar (ish)larni eksportga realizatsiya qilishdan olingan foyda uchun 0 foiz stavkadagi soliq bekor qilindi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan (umumiy quvvati 100 kVt gacha) foydalangan holda umumiy tarmoqqa, ya’ni “Elektroset”ga elektr energiyasini sotishdan olingan foydaga soliq solinmasligi belgilanmoqda. Bunda, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari ishga tushirilgan oydan boshlab 3 yil mobaynida foyda solig‘i solinmaydi. Shuningdek, quyosh panellari quvvatining kamida 25 foizi miqdorida elektr energiyasini to‘plash tizimi, ya’ni hajmi kattaroq bo‘lgan akkumulyatorlar bilan quyosh panellari o‘rnatilganda – bu panellar ishga tushirilgan oydan boshlab 10 yil davomida foyda solig‘i solinmaydi.

Mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i olinmaydi

Aksiz solig‘idagi o‘zgarishlarga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i (10 foiz) bekor qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, Soliq kodeksining  283, 284, 285 va 286-moddalariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Tamaki mahsulotlari uchun aksiz solig‘i stavkalari tenglashtirilmoqda. Xususan, filtrli, filtrsiz sigaretalar, papiroslar, sigarillalar (sigaretalar), bidi, kretek uchun aksiz solig‘i stavkasining foiz ko‘rinishidagi qismi (10 foiz) bekor qilinmoqda hamda 1000 donasi uchun:

– respublikada ishlab chiqariladigan sigaretalarga 300 ming so‘m;

– import qilinganlarga 330 ming so‘m miqdorida belgilanmoqda.

Respublikada ishlab chiqariladigan va import qilingan etil spirti uchun aksiz solig‘i stavkasi tenglashtirilib, 1 litri uchun 15 ming so‘m etib belgilanmoqda;

- don distillyatiga (dondan olingan alkogol) nisbatan etil spirtiga belgilangan stavkada aksiz solig‘iga tortish hamda texnik etil spirtini ishlab chiqarishda foydalanilgan etil spirtining boshlang‘ich fraksiyasiga aksiz solig‘i qo‘llamaslik nazarda tutilmoqda.

Respublikada ishlab chiqariladigan alkogol mahsulotlarga aksiz solig‘i stavkasini 10 foizga indeksatsiya qilib, 1 litr uchun 44 ming so‘m;

Import qilingan alkogol mahsulotlari uchun soliq stavkasi pasaytirilib, 1 litr uchun 76 ming so‘m (amalda 101,5 ming so‘m) miqdorida belgilanmoqda.

Respublikada ishlab chiqariladigan va import qilingan tabiiy vino, boshqa vinolar, shu jumladan, vermut, pivolarga aksiz solig‘i stavkalari ham ishlab chiqarishda oshirish va import qilinganda pasaytirish orqali bosqichma-bosqich tenglashtirish nazarda tutilmoqda.

Bekzod SOLIYeV,

viloyat soliq boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori.