21 dekabrdan yana sovuq havo oqimi kirib keladi: Hafta davomidagi ob-havo ma’lumoti
"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, ertaga respublikaning katta qismida +7...+10 daraja bo‘lgan harorat bilan quruq va nisbatan iliq ob-havo saqlanib turadi.
Faqat shimoliy hududlarga Kavkaz hududlaridan sovuq antitsiklon kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston bo‘yicha biroz qor yog‘ishi kutilmoqda, ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayadi, havo harorati 0...+3 darajagacha pasayadi.
21 dekabrda sovuq antitsiklon kirib kelishi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir va qor ko‘rinishida biroz yog‘ingarchilik bo‘ladi. Ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayadi. Havo harorati kechasi -3…+2 daraja, kunduzi +3...+8 daraja atrofida bo‘ladi. Respublika shimolida kechasi harorat -11…-9 darajagacha kuchayadi, kunduz kuni -3…0 darajagacha pasayadi.
22-23 dekabr kunlari O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 22 dekabrda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi. Harorat kechalari -5...-2 darajagacha, kunduz kunlari +2…+5 darajagacha pasayadi.
Respublika bo‘yicha kechasi va ertalab tuman tushishi kutilmoqda. 21-22 dekabr kunlari yo‘llarda yaxmalak kuzatiladi.