22 iyun - Fashizm sobiq SSSRga urush ochgan kun: Tarix sabog‘i
Ikkinchi jahon urushi, fashistlarning sobiq SSSRga tinchlik to‘g‘risidagi bitimni buzib xiyonatkorona bostirib kelganligi to‘g‘risida matbuotda ko‘p va xo‘b yozilgan. Quyida urushda o‘zbekistonliklarning ishtiroki, xalqimizning saxovati haqida ayrim ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz. Leningrad qamali oqibatlari, yuqori lavozimli xoinlar taqdiri ham o‘quvchilarni qiziqtirishi shubhasiz.
Salkam 1,5 million nafar o‘zbekistonlik urushga safarbar etildi
Nemislar 1941 yilning 22 iyunidan oktyabriga qadar Minsk, Kiyev, Smolensk kabi o‘nlab yirik shaharlarni ishg‘ol qilib, Moskva ostonalarigacha yetib bordi. Bu shaharlardagi aholi, ayniqsa, bolalarni O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqildi. Urush davomida O‘zbekiston 100 ming yetim bolani o‘z bag‘riga oldi, ularning 4,5 ming nafari saxiy insonlar tomonidan asrab olindi. Umuman, urush davrida O‘zbekiston 1 milliondan ortiq kishini o‘z bag‘riga oldi.
O‘zbekistonning o‘zidayoq 1941 yilning yozi va kuzida ko‘plab zavod hamda fabrikalar mudofaa mahsulotlarini ishlab chiqarishga o‘tkazilgan edi. Urushning birinchi yilida Toshkentdagi 137 korxonaning 63 tasida qurol-yarog‘, o‘q-dori va armiya uchun jihozlar ishlab chiqarila boshlandi. Bundan tashqari, O‘zbekistonga 93 ta zavod va fabrika ko‘chirilib keltirildi. O‘zbekiston 4 yil mobaynida frontga 2100 ta samolyot, 17342 ta aviamotor, 17100 ta minomyot, 3 million dona radiolampa, 330 mingta parashyut, ko‘plab kiyim-kechaklar, quruq oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi.
1940 yilda O‘zbekistonda 6,5 million aholi bor edi. Ularning 1 433 230 nafari urushga safarbar etildi, ulardan 450 ming nafari halok bo‘ldi, 132 670 nafari bedarak yo‘qoldi, 60 452 nafari mayib-majruh bo‘ldi.
338 nafar o‘zbek jangchilari “Sovet Ittifoqi Qahramoni” va 53 nafari “Shuhrat” ordenining har uchala darajasini oldi, ammo aksariyati frontdan qaytmadi. Umuman aytganda, urushga ketganlarning uchdan biri janggohlarda halok bo‘ldi.
Leningrad qamali
1941 yilning 30 avgustida Leningrad qamali boshlandi. Bu shahar 871 kun Katta yerdan uzib qo‘yildi. Urushgacha bu shaharda 2,5 million aholi yashagan bo‘lsa, qamal tugaguncha (1944 yilning 23 yanvariga qadar) 1,2 million kishi bombalar tagida qolib, ochlikdan yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘lim topdi. Shahar ozod etilgan kunda unda atiga 560 ming aholi qolgani ma’lum bo‘ldi. Qamalda qolganlar orasida shaharda muqim yashaydigan o‘zbek oilalari, xizmatni o‘tayotgan harbiylar, O‘zbekistonlik talabalar ham bor edi. Ularning qismati ham boshqalarnikidek kechdi. Ularning sonini aniq bilmadigu lekin sanoqlisigagina O‘zbekistonga qaytish nasib etdi.
Agar xoinlar bo‘lmaganda...
Fashizm bilan bo‘lgan urushda 4 million Qizil Armiya jangchilari asirga olingan. Albatta, ular orasida behush, yarador, qutqularga uchganlari, qiyin sharoitga dosh berolmaganlar, boylik yoki mansabga intilganlar, hatto ixtiyoriy asirga tushganlari bo‘lgan.
Fashizm bilan bo‘lgan urushda Vlasov, Zakutny, Blagoveshenskiy, Malishkin, Truxin singari generallar, brigada komissari Jilenkov ixtiyoriy ravishda jangchilari bilan birga nemislarga asir tushganlar. Agarda yuqorida nomlari tilgan olingan oliy martabali sarkardalar xoinlik yo‘liga o‘tmaganlarida bu urush sal bo‘lsa-da ertaroq yakun topgan bo‘lardi...
Izzatulla Norquvvatov tayyorladi.