22 mart – Mirzo Ulug‘bek tavallud topgan kun

Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasida ulug‘ olim va temuriy hukmdor Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda viloyat va shahar jamoatchiligi vakillari, ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va yoshlar, mahallalar faollari va xorijlik sayyohlar ishtirok etdi. 

Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Samarqand davlat muzey- qo‘riqxonasi rahbari Xo‘jaqul Muhammadiyev va boshqalar Mirzo Ulug‘bekning hukmdor va buyuk astronom sifatidagi faoliyati haqida so‘z yuritdilar.

– O‘tgan yil viloyatimizga kelgan Xitoy mintaqalari rahbarlaridan biriga Mirzo Ulug‘bekning xitoy tilida nashr etilgan “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” kitobini sovg‘a qilgandik, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov. – Keyin biz xitoyga borganimizda o‘sha rahbar bilan uchrashuvda u kitobni o‘qib chiqqanini aytib, bundan olti asr avval ulug‘ bobomizning 1018 ta yulduzning joylashuvi haqida yozganlari bugun fan-texnika rivojlangan davrda aniqlangan ma’lumotlardan deyarli farq qilmasligidan hayratda ekanligini yashirmagandi. Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev esa bugun mamlakatimiz astronom olimlari erishayotgan natijalar Mirzo Ulug‘bek singari allomalarimizning ilmiy merosi samarasi ekanligini qayd etdi.

Tadbirda samarqandlik ijodkorlar, maktab o‘quvchilari ulug‘ sulton va olim madh etilgan ijod namunalarini o‘qishdi. 

Marosim yakunida Mirzo Ulug‘bek haykali poyiga gullar qo‘yildi. 

Shundan so‘ng tadbir qatnashchilari alloma muzeyida namoyish etilayotgan eksponatlar, noyob ashyolar bilan tanishdi.

Sana munosabati bilan O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyatiga oid ko‘rgazma ochildi. Unda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining arxeologiya, etnografiya, hujjatlar, tasviriy san’at fondlaridagi eng sara asarlar orqali ulug‘ ajdodimizning serqirra hayoti va faoliyati aks ettirilgan.