2+2 nima? Yoxud qo‘shma ta’lim dasturlari haqiqatan xorijda sifatli ilm olish uchun imkoniyatmi?

Malakali kadrlar tayyorlashda oliy o‘quv yurtlari qo‘shma ta’lim dasturlarining yo‘lga qo‘yilishi, xorijiy davlatlarda amaliyot o‘tashi yaxshi samara berishi mumkinligi haqida so‘nggi yillarda ko‘p aytilmoqda.

Qo‘shma ta’lim o‘zi qanday tashkil etiladi, uning asosiy afzalliklari nimada? Shu kabi savollar bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Sherzod Yuldashevga bir nechta savollar bilan murojaat qildik.

- Qo‘shma ta’lim dasturi o‘zi qanday ta’lim va u nimasi bilan muhim?

- Bu dastur mahalliy va xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida imzolangan shartnomaga asosan kadrlar tayyorlash va bitiruvchilariga ikkita davlatda tan olinadigan diplom berilishini nazarda tutuvchi ta’lim dasturidir. Qo‘shma ta’lim dasturlari mahalliy va xalqaro ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikdagi tashabbus. Ular jahon standartlari va amaliyotlarini integratsiyalashgan holda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan. Qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim olish talabalarga bir qancha afzalliklar beradi. Unda talaba mahalliy va xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlaridan birida bir vaqtning o‘zida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, O‘zbekiston va chet elda nostrifikatsiyasiz ishlash huquqini beruvchi ikkita diplomni qo‘lga kiritadi.

 

- Qo‘shma ta’lim dasturlariga o‘qishga qabul qilish qay tarzda amalga oshiriladi?

- 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘qishga qabul qilish ikki bosqichda amalga oshirib kelinmoqda. Birinchi bosqichda mahalliy OTM tomonidan xorijiy hamkor OTM bilan kelishilgan holda kirish imtihonlari o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichda mahalliy OTMning buyurtmasi asosida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan kelishilgan muddatlarda o‘qitish olib boriladigan chet tilidan kirish imtihoni o‘tkaziladi. Bunda birinchi bosqichda kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal balning kamida 30 foizini to‘plagan abituriyentlar ikkinchi bosqichda o‘tkaziladigan imtihonda ishtirok etadi. Ikkinchi bosqichda esa chet tili bo‘yicha kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal balning kamida 30 foizini to‘plagan abituriyentlar qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etadi hamda qabul parametrlaridan kelib chiqib, o‘qishga qabul qilinadi. Chet tili bo‘yicha bakalavriatda kamida B1 daraja, magistraturada kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar ikkinchi bosqichda chet tilidan o‘tkaziladigan imtihondan ozod qilinadi va ularga bu bosqich uchun maksimal ball beriladi. O‘qishga qabul qilish natijalarini tasdiqlash tartibi ikki hamkor oliy ta’lim tashkiloti bilan kelishilgan holda belgilanadi.



Ta’limning “2+2” yoki “1+1” shaklda tashkil etilishi nimani anglatadi?

- Qo‘shma ta’lim dasturlarida “2+2” yoki “1+1” shakllari talabalarning ta’lim olish muddatini va qaysi universitetlarda ta’lim olishlarini belgilovchi sxemalardir. Bu shakllar talabalarning o‘qish davrini mahalliy va xorijiy hamkor universitetlari o‘rtasida qanday taqsimlanishini anglatadi. Masalan, 2+2 shakldagi qo‘shma ta’lim dasturi talabaning 2 yil mahalliy va 2 yil xorijiy hamkor universitetda o‘qishini nazarda tutadi. Talaba dastlabki ikki yilda mahalliy universitetda asosiy fanlar va tayyorlov kurslarini o‘qiydi. Keyingi ikki yil davomida chet el universitetida o‘qishni davom ettirish vaqtida mutaxassislik bo‘yicha chuqur bilim va ko‘nikmalarni egallaydi. Bu shakllar orqali talabalar ikki xil ta’lim tizimlarining afzalliklaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

- Bitiruvchilariga ikkita davlatda ham tan olinadigan diplom berilishini aytdingiz. Diplom berish tartibi haqida ham to‘xtalsangiz.

Oliy ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga xorijiy hamkor universitet joylashgan davlatda tan olinadigan diplom hamda mahalliy OTMning davlat namunasidagi diplomi beriladi. Bitiruvchilar haqidagi ma’lumotlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining maxsus elektron tizimiga kiritiladi. Bitiruvchilarga beriladigan davlat namunasidagi diplomga qo‘shma ta’lim dasturi nomi yoziladi. Davlat namunasidagi diplom va diplom ilovasi maxsus elektron tizimga kiritilgan ma’lumotlar asosida bo‘ladi. Diplom ilovasiga xorijiy universitet tomonidan berilgan diplom tartib raqami ham kiritiladi.

- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida qaysi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari bor?

- Bugungi kunda Germaniya, Latviya va Malayziya davlatlari bilan 6 ta qo‘shma ta’lim dasturimiz mavjud, ya’ni, 5 ta bakalavriat va 1 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Bizda asosan bakalavriatura bo‘yicha Germaniyaning Vaynshtefan-Triyezdorf amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda iqtisodiyot, Latviyaning hayotiy fanlar va texnologiyalar universiteti bilan axborot tizimlari va texnologiyalari, iqtisodiyot hamda Malayziyaning Linkoln universitet kolleji bilan raqamli iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi va audit qo‘shma ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Magistratura mutaxassisligi bo‘yicha Malayziyaning Linkoln universitet kolleji bilan hamkorlikda Islomiy bank ishi yo‘nalishidagi qo‘shma ta’lim dasturimiz bor.

Bugungi kunda qo‘shma ta’lim dasturlarida 100 ga yaqin talaba tahsil olmoqda va 40 nafar talaba xorijiy hamkor universitetlarda o‘qiyapti. Talabalarimiz xorijda bakalavriaturani tamomlab, magistraturada o‘qishlarini davom ettirishmoqda. 3 nafar talabamiz Yevropa Ittifoqining Erasmus + dasturi hisobidan oyiga 1100 yevro miqdorida stipendiya olib o‘qiyapti. 1 nafar talabamiz Bavariya davlat ta’lim va san’at vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Universitetni xalqarolashtirish” stipendiyasi sohibi bo‘ldi. Ba’zi talabalarimiz o‘qish bilan birgalikda Malayziyadagi hamkor universitet fakultetida ishlayapti.

- Qo‘shma ta’lim dasturlariga kirgan talabalarning yutug‘i nimada?

- Talabalar yuqori sifatli ta’lim olish, xalqaro darajadagi oliy ta’lim, til o‘rganish ko‘nikmalarini oshirish kabi foydali va qiziqarli muhitda ta’lim oladi. Bundan tashqari, bu dasturlar ko‘pincha ularning kasbiy rivojlanishi uchun juda muhim bo‘lgan amaliyot va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. Masalan, har yili filialimizdagi talabalar yozgi ta’tilda Germaniyaning sanoat va qishloq xo‘jaligi korxonalarida o‘z sohalari bo‘yicha amaliyot o‘tab qaytishadi. Qo‘shma ta’lim dasturlari talabalariga xalqaro miqyosda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan tarmoq yaratish imkoniyatini beradi. Bu kelajakdagi karera va hamkorlik imkoniyatlarini oshiradi. Bu imtiyozlar talabalarning nafaqat ta’lim jarayonida, balki kelajakdagi professional hayotlarida ham muvaffaqiyatga erishishlariga yordam beradi.

- O‘zbekistonda qo‘shma ta’lim dasturlari haqida ba’zi salbiy fikrlar eshitganmiz, masalan, til bilmagan talabalar xorijiy hamkor universitetlarga qabul qilinmagan, mahalliy universitetlarda ham qolib o‘qiy olishmagan. Umuman, talabalar va ota-onalar qo‘shma ta’lim dasturlariga qanday qarashadi?

 - Talabalar va ota-onalar qo‘shma ta’lim dasturlariga turli xil munosabatda bo‘lishadi va bu munosabatlar ko‘pincha ularning shaxsiy qarashlariga, dasturdagi muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizliklarga, moliyaviy holatga, talabalarning tajribasiga, umumiy ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa turli omillarga bog‘liq. To‘g‘ri aytdingiz, qo‘shma ta’lim dasturlari endi yo‘lga qo‘yilayotgan vaqtlarda shu va shunga o‘xshash holatlar kuzatilgan. To‘g‘ri tushunish kerak, bu dastur O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun yangilik va hali yetarlicha tajribalar yo‘q edi. Savol va muammolar ko‘p, javoblar va yechimlar qoniqarli darajada emas edi. Umuman olganda, talabalar va ota-onalar ushbu dasturlar taqdim etayotgan yuqori standartlar va imkoniyatlarni e’tirof etishadi. Biroq, xarajatlar va turli ta’lim muhitlariga moslashish imkoniyati haqida xavotirlar bor. Bu xavotirlarga qaramay, uzoq muddatli foyda nuqtai nazaridan ko‘pchilikning bu dasturlar haqidagi umumiy fikrlari ijobiy.

- Yangicha tizim qanday muammolarga duch kelyapti va ular qanday hal qilinyapti?

- Asosiy muammolardan biri - mahalliy universitetga o‘qishga qabul qilingan talabalarning hammasi ham o‘qishning keying bosqichlarini xorijiy hamkor universitetlarda davom ettira olmasliklaridir. Ba’zi talabalar yetarli darajada xorijiy tillarni bilmasliklari sababli xorijiy universitetlarda o‘qish uchun qiyinchiliklarga duch kelishadi. Qo‘shma ta’lim dasturlari, odatda, yuqori moliyaviy xarajatni talab qilganligi uchun xorijda yashash va o‘qish xarajatlari ba’zi oilalarga og‘irlik qiladi. Chet elda o‘qish paytida talabalar madaniy moslashuv muammolariga duch kelishlari ham mumkin, talaba xorijiy universitetda o‘qishni davom ettira olmasa yoki boshqa sabablarga ko‘ra chet elga chiqa olmasa, mahalliy universitetda o‘qishni davom ettirish imkoniyati yo‘q va shu kabi to‘siqlar muammo keltirib chiqarishi mumkin.

- Mamlakatimizda qo‘shma ta’lim dasturlari kelajagini qanday ko‘rasiz? Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida uni yanada rivojlantirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

-  Bu dasturlar mamlakatning ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, kadrlar tayyorlash sifati va raqobatbardoshligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Qo‘shma ta’lim dasturlarining samarali ishlashi uchun davlat tomonidan ham moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kerak deb o‘ylayman.

Filialimizda qo‘shma ta’lim dasturlarida o‘qishni istovchilar soni oshib borayotganligi sababli Malayziyaning Linkoln universitet kolleji bilan hamkorlikda xalqaro qo‘shma fakultet tashkil qilish rejamiz bor. May va iyun oylarida Chexiya, Ruminiya hamda Xitoydagi universitetlardan kelgan vakillar bilan Samarqandda uchrashuvlar o‘tkazdik. Iyun oyida Chexiyaning Kimyo-texnologiya universiteti va Praga tabiiy fanlar universitetlarining 25 nafar talaba va professor-o‘qituvchilari “Summer School. Samarkand - 2024” xalqaro ta’lim dasturida ishtirok etish uchun filialimizda mehmon bo‘ldi.

Hozirda yangi qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish va boshqa bir qator ta’lim dasturlarni amalga oshirish uchun AQShning Missuri universiteti, Turkiyaning Marmara va Karabuk universitetlari, Chexiyaning Kimyo-texnologiya universiteti, Praga tabiiy fanlar universiteti va Skoda avto universitetlari, Ruminiyaning Oradea universiteti, Xitoydagi Liaoning neft-kimyo universitetlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlar olib boryapmiz.

Sulaymon Mardiyev suhbatlashdi.