23 fevral kimning bayrami?
Bugun yoshi katta ziyoli tanishimdan SMS tabrik oldim. "Sizni armiyamiz bayrami, harbiylar, erkaklar kuni bilan tabriklayman" deb yozibdi. Ochig‘i, harbiy xizmatga ham bormagan bu kishining tabrigi meni quvontirmadi, aksincha, ta’bimni xira qildi.
To‘g‘ri, sobiq sovet armiyasi tashkil topgan kun bundan 32 yil ilgari bizda ham nishonlanar edi. Ammo bu armiya, avvalo, yurtimizdan ancha uzoq mintaqada tashkil etilgani va shu armiya siyosati tufayli mardikorlikda, Ikkinchi jahon urushida, Afg‘on urushida ko‘plab yurtdoshlarimiz jon berganini bot-bot aytyapmiz, yozyapmiz-ku! Qolaversa, o‘zimizning, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topgan kun - 14 yanvarni harbiylar bayrami sifatida nishonlaymiz-ku!
Birovning ko‘nglini olaman, kayfiyatini ko‘taraman, desak, bizda yaxshi kunlar, bayramlar kammi? Binobarin, 35 yoshgacha bo‘lganlar bu sanani bilmaydi. Demak, ayrim yoshi ulug‘lar qilyapti bu ishni.
Xullas, har bir harakatimizda millatimiz sha’nini o‘ylashimiz, yoshlarimizni chalg‘itmasligimiz lozim, deb bilaman.
Farmon TOShEV.