26 million so‘mlik plastik operatsiyadan so‘ng mijozning burni qiyshayib qolgani aytilmoqda
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabariga ko‘ra, shuncha mablag‘ evaziga fuqarolardan biri xususiy klinikada yuz jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan. Ammo plastik operatsiyadan mijozning ko‘ngli to‘lmagan, aksincha uning burni qiyshiq holga kelib qolgan.
Bemor mazkur jarrohlikka sarflangan pulni qaytarishlarini so‘rab bir necha bor plastik jarrohlikni amalga oshirgan shifokorga murojaat qiladi. Murojaatlar samara bermagach, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qilgan.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ko‘magi natijasida bu masala iste’molchi foydasiga hal qilindi, ya’ni 26 million so‘mdan ortiq mablag‘ iste’molchiga qaytarildi, deyiladi agentlik xabarida.
Xabarda voqea yurtimizning qaysi hududida bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.