287 ming nafardan ortiq o‘quvchilarni o‘z vaqtida kasb-hunarga yo‘naltirish masalasi muhokama qilindi
Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, Samarqand viloyatidagi umumta’lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlarning o‘z vaqtida kasb-hunarga yo‘naltirilishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni tanqidiy tahlil etish masalalariga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ozod Jangirov rahbarligida ZOOM platformasi orqali o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining pedagogik-psixologik tashxis faoliyatini tashkil etish sho‘’basi mudirlari ishtirok etdi.
Darhaqiqat, bugun xalq ta’limi xodimlarining oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri o‘quvchilarni 7-sinfdanoq qiziqishlari va intilishlari, qobiliyatiga ko‘ra kasb-hunarlarga to‘g‘ri yo‘naltirish masalasi ustuvor ahamiyatga ega. Viloyat umumta’lim muassasalarida bugungi kunda 66613 nafar 7-sinf, 63297 nafar 8-sinf, 56840 nafar 9-sinf, 50594 nafar 10-sinf, 50585 nafar 11-sinf o‘quvchilari ta’lim-tarbiya olayotganini inobatga olsak, bu borada pedagog-xodimlar, maktab psixologlari, ota-onalar hamda davlat va jamoat tashkilotlari oldida qanchalik mas’uliyatli vazifa turganini tushunish qiyin emas. Ayni paytda o‘quvchilarning orzu va intilishlari, kasb-hunarlarga doir tushunchalarini shakllantirish, to‘g‘ri kasb tanlay olishiga ko‘maklashish lozim.
Onlayn yig‘ilishda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining pedagogik-psixologik tashxis faoliyatini tashkil etish sho‘’basi mudirlari hamda maktab psixologlarining bu boradagi faoliyatiga tanqidiy baho berilib, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, o‘quvchilarning kasb-hunarga yo‘naltirishda eng muhim manbalardan biri bo‘lgan Respublika tashxis markazining profnavigator.uz sayti imkoniyatlaridan unumli foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Xurshid G‘OZIYeV,
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasining pedagogik-psixologik tashxis faoliyatini tashkil etish sho‘’basi mudiri.