3 yildan buyon aliment to‘lamay kelgan ota 15 sutkaga qamaldi

Narpay tumani ma’muriy sudining ochiq sud majlisida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan otaga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish mazmunan ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.

Huquqbuzar V.Bo‘ronov (ism-familiyalar o‘zgartirildi) fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2012 yil 12 avgustdagi sud buyrug‘iga asosan turmush o‘rtog‘i Z.Fayzi­qulova foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi S.Bo‘ronovaning moddiy ta’minoti uchun har oylik ish haqi va barcha turdagi daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment to‘lashi lozim edi.

Biroq V.Bo‘ronov 2017 yil 1 apreldan — 2020 yil 1 sentyabrga qadar 26 mil­lion 978 ming so‘m aliment to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlagan. Bu holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Narpay tumani bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Sudda V.Bo‘ronov aybiga iqror bo‘ldi. Aliment pulini imkoni bo‘lmaganligi sababli to‘lay olmagani, oqibatda 26 million 978 ming so‘m qarzdorlik kelib chiqqanini tan oldi.

Huquqbuzar V.Bo‘ronov moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan, voyaga yetmagan shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan. Sud uning g‘ayriqonuniy harakatlari surishtiruv idorasi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 474-moddasi 1-qismi bilan to‘g‘ri malakalagan, deb topdi.

Huquqbuzarga nisbatan sud 15 sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinladi.

Sud qarori bilan huquqbuzardan ma’muriy qamoqda saqlangan har bir kun uchun eng kam oylik ish haqining 15 foizi miqdorida, jami 501 ming 750 so‘m davlat foydasiga undirildi.