30 ga yaqin avtomobil eshigini buzib ochib, o‘g‘irlik qilgan jinoiy guruh ushlandi
20 yanvar kuni Toshkent tumani Ko‘hinur mahallasida yashovchi fuqaro F.Akbarov tuman IIB nomiga ariza bilan murojaat qilgan.
U arizasida 2021 yil 19 yanvardan 20 yanvarga o‘tar kechasi o‘zi yashayotgan uy oldida qoldirgan «Shangan» avtomashinasining eshigi noma’lum shaxslar tomonidan ochilib, avtomashina salonida bo‘lgan 1 million so‘mlik «antiradar» moslamasi, 250 ming so‘mlik audio magnitafon va boshqa mayda buyumlar hamda 300 ming so‘m miqdoridagi naqd pullarni o‘g‘irlab ketilganligini bayon qilgan.
Holat yuzasidan Toshkent tumani ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida 5 fevral kuni ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumon qilingan bir guruh shaxs (Zangiota tumanida yashovchilar 1979 yilda tug‘ilgan M.S., 2001 yilda tug‘ilgan M.Sh., 1993 yilda tug‘ilgan D.N., 2003 yilda tug‘ilgan Sh.T. hamda 2005 yilda tug‘ilgan I.M.)lar qo‘lga olinadi.
Shuningdek, surishtiruv davomida ushbu uyushgan guruh Toshkent viloyati va poytaxt hududidan 30 ga yaqin turli xildagi avtotransport vositalarini g‘ayriqonuniy ochib, transport ichida bo‘lgan pul va qimmatbaho buyumlarni talon-toroj qilib kelganligi aniqlanadi.
Jumladan, ular Toshkent tumanidagi Oqtom, Ko‘hinur, Ko‘ksaroy mahallalari hududida 16-20 yanvar kunlari "Damas", "Lacetti", "Matiz", "Changan" va "Cobalt", "Gentra" va yana bir "Nexia" avtomashinalari eshiklarini buzish orqali ochib, ichidagi narsa va buyumlarni talon-toroj qilgan.
Shuningdek, 3 fevral kuni Zangiota tumani va Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlari hududidan 21 ta har xil turdagi avtomashinalar eshiklarini buzib, ichidagi narsa va buyumlarni olib voqea joyidan yashiringan.
Bundan tashqari, 25 yanvar kuni Zangiota tumanidagi xonadonlardan biridan sakkiz bosh qo‘yni o‘g‘irlab, sotib yuborganligi aniqlangan.
Toshkent IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.