“30 yil “Orol, Orol” dedik. Lekin...” Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yi va Mo‘ynoqdagi o‘zgarish haqida

Hududlar rivoji va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘istonga safarini davlat rahbari Mo‘ynoq shahridan boshladi. Kun.uz xabariga ko‘ra, Prezident dastlab maktab o‘quvchilarning bepul ovqatlanishi bilan qiziqqan:

“Mo‘ynoqqa Toshkent viloyati tomonidan 32 mlrd mablag‘ ajratildi. Men yana qo‘shimcha 40 mlrd berishga tayyorman. Agar zarur bo‘lsa, yana ajrataman. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri pullar, yana investitsion mablag‘lar ham bor. Mana, bolalarimizga bepul ovqatlantirishni yo‘lga qo‘ydik. Ovqatlanyaptimi bolalarimiz?” – dedi Prezident.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev bunga javoban shunday dedi: “Ha, ayni paytda 142 ming nafar bolalarimiz bepul ovqat bilan qamrab olindi. Hatto uylariga ham olib ketishyapti”.

“Mayli, uyiga olib ketsa ham. Yesa, sog‘lig‘i tiklansa bo‘ldi. Xudo xohlasa, pulimiz ko‘paysa, uylariga ham qilib beramiz. Bu ham Qoraqalpog‘istonga xos tajriba bo‘ldi, endi boshqa viloyatlarda yo‘lga qo‘yamiz. Nasib qilsa, asta-sekin yuqori sinflarga ham yo‘lga qo‘yamiz”, dedi prezident.

Qayd etilishicha, Mo‘ynoq Qoraqalpog‘istonning tashrif qog‘oziga aylanishi kerak.

“Shuncha yil Nukusga kelib qarsak chalib ketaverdik, lekin Mo‘ynoqda o‘zgarish bo‘lmadi. Minbarlardan turib, 30 yil “Orol, Orol” dedik. Lekin birorta vallomatning o‘zi kelib Orolni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmadi. Endi bunday bo‘lmaydi, galstukni yechib, ishlash payti keldi”, – deb aytgan davlat rahbari.

Xabarga ko‘ra Prezidentning o‘zi ham uchrashuvga galstuksiz kelgan.