Orol fojiasi: dunyodagi hech qaysi davlat tarixida bunday hodisa kuzatilmagan
Bir vaqtlar chuchuk suvli yirik suv havzalaridan biri bo‘lgan dunyoda 4 o‘rinda turgan Orol dengizi bugunga kelib deyarli qurib bo‘ldi. Dunyoda hech qaysi davlat tarixida bunday hodisa kuzatilmagan. Albatta, bu tabiiy fojia global ahamiyatga ega. Bugun Orol dengizining qurigan tubida qariyiib 5 mln gektar tuz-qumli sahro hosil bo‘lgan. Bu sahroning yarmi O‘zbekiston va teng yarmi Qozog‘iston hududida joylashgan.
1980-2018 yillar ya’ni o‘tgan 38-40 yil davomida qurigan dengiz tubida 380-400 ming gektarda saksovul ekilgan. Agar shu tempda dengiz qurigan tubida cho‘l o‘simliklari ekilib borilganda bizga (2,2-2,5 mln gektar uchun) yana 130-140 yil kerak bo‘lar edi.
2018 yil 28 noyabrda Qoraqalpog‘istonga Prezident tashrifi davomida bu masalaga jiddiy e’tibor berildi. Shundan so‘ng, 2018-2022 yillarda jami 1,7 mln gektardan ortiq maydonga cho‘l o‘simliklari (saksovul, qandim, tamariks, keyruek, chagon, teresken, baliqko‘z, izen va boshqalar)ning HAR YILI, HAR MAVSUMDA 2,5 ming tonnadan ziyod urug‘lari va 100-110 mln donadan ortiq ko‘chatlari ekildi.
Bu ishlarni Ispaniya, Isroil, Xitoy, Qozog‘istondan kelgan yirik ekologlar, olimlar kelib, ko‘rib o‘zlarining bahosini berishdi.
Ochig‘i bu joylarda biron giyoh o‘smaganligini ko‘rib, boshida o‘zimiz ham ishonmagan edik. Men o‘zim ham olimlar jamoamiz bilan mazkur jarayonlarning boshidan ishtirok etganman. Quyida dastlabki ekilgan ko‘chatlar va keyingi holatlar aks ettirilgan.
Men Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplamalar barpo etishda ishtirok etgan barcha insonlarga ta’zim qilaman. Ular qishning qahratonida (-25-35 0S) va yozning jazirasi (+60-70 0S) da ham tinimisz mehnat qilishdi.
Orolbo‘yi hududida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli amaliy ishlarning izchil davom ettirishning huquqiy kafolatini mustahkamlangani biz ekologlarni quvontiradi. Chunki, hali 10 mln.gektardan ziyod maydonga ega “Qizilqum” cho‘lida yashil qoplamalar barpo etish, yaylovlarni tiklash shuningdek, Buxoro viloyatida “Yashil belbog‘” yaratish kabi yirik loyihalarni amalga oshirishimiz kerak.
Yangi Konstitutsiyani biz ekologlar yakdillik bilan qo‘llab-quvatlaymiz va barchani referendumga faol ishtirok etishga chaqiramiz.
Abdushukur Hamzayev, O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi raisi.