Orol dengizi inqirozi natijasida Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi dunyo ko‘rsatkichlaridan 2 barobar tezroq kechmoqda

Bu haqda Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisida aytildi.

Parlament yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, majlisda iqlim o‘zgarishining O‘zbekistondagi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qisqa va o‘rta muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasida belgilangan vazifalar bajarilishi holati yuzasidan O‘zgidromet xizmati markazi Bosh direktorining axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari global miqyosga ega bo‘lib, bizning hududimizda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Birgina Orol dengizi falokati natijasida Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi dunyo ko‘rsatkichlaridan 2 barobar jadalroq kechmoqda. Bu daryolar suvini shakllantiruvchi muzliklarning tobora erib borishi, chang bo‘ronlari davriyligi va ularning ortib borishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv resurslarining taqchilligi kabi salbiy ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Iqlim o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi yoqilg‘i-energetika, sanoat, qurilish tarmoqlaridan tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarni keskin kamaytirish maqsadida hozirgi paytda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha keng qamrovli Strategiya, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish dasturi hayotga tatbiq etilmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlari, qurilish va energiya tejamkorligini oshirish yuzasidan qabul qilingan strategik dasturlar va ularning ijrosi O‘zgidromet tomonidan hisob-kitoblar va tadqiqotlar asosida tahlil qilingan. Natijada O‘zbekiston Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi doirasida 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulotga nisbatan issiqxona gazlari ulushini 35 foiz kamaytirishga erishiladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qiymati 993 mln so‘mlik loyiha, shuningdek, Orol dengizining qurigan tubida tuproq sho‘rlanishi va iqlim o‘zgarishiga qarshi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda Orolbo‘yi mintaqasi sho‘rlangan yerlarida ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan 664,2 mln so‘mlik 2 ta startap loyiha moliyalashtirilgan.

Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda vazirliklar va idoralar tomonidan qisqa va o‘rta muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasida belgilangan ayrim tadbirlarning bajarilishida sustkashliklarga yo‘l qo‘yilganligi qayd etilgan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini amalga oshirish to‘g‘risidagi 2022-2030 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqish ishlari oxiriga yetkazilmagan.

Bundan tashqari, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish hamda yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi issiqxona gazlar ajratmalarini kamaytirish imkoniyatlarini o‘rganish borasidagi ishlar ham oxiriga yetkazilmagan.