Qaydasan, Mo‘ynoq? SamDU talabalari Orolbo‘yiga bordi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Samarqand davlat universiteti boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari hamda bir guruh faol talabalar Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish maqsadida Orolbo‘yiga borishdi.
Samarqanddan roppa–rosa 12 soatda yetib kelgan poyezd Nukus vokzalida to‘xtadi. Yo‘lning uzoqligi va charchog‘iga qaramasdan, faol yoshlar “Qaydasan, Mo‘ynoq?”, deya manzil sari oshiqdi.
Odatda Orolbo‘yi haqida gapirilganda ko‘z oldimizga keng sahro va cho‘l keladi. Ammo talabalarning ilk taassurotlari kutilganidan boshqa bo‘ldi. Nigohlar hayhotdek cho‘l qo‘ynida obod va orasta, zamonaviy shaharga tushib, benihoya hayratlanishdi.
SamDU talabalari Prezidentimiz tashabbusi, sa’y-harakati bilan bu maskanda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga, zamonaviy infratuzilma takomilga yetayotganligiga bevosita guvoh bo‘ldi. Betakror inshootlar, sport va umumta’lim maktablari, savdo va madaniy-maishiy binolar, yoshlar mehnat guzarlari, “Nuroniylar maskani”, maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etilgani aholiga ko‘plab qulaylik yaratilgani kishi qalbini faxrga to‘ldiradi. Bu yerda ekologik vaziyatni yaxshilash, qulay sharoit yaratish maqsadida kurashayotgan aholining birdamligini ko‘rish mumkin.
2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi asosida Mo‘ynoq tumanida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti. Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqacha bo‘lgan 101 kilometrlik masofaga quvur yotqizilib, bu yerga toza suv keltirilgan. Odamlarning asriy orzusi ro‘yobga chiqmoqda.
Yo‘l-yo‘lakay Mo‘ynoq biqinidagi ayanchli manzaralar talabalarni befarq qoldirmadi. Ular “Orol muzeyi”, “Kemalar qabristoni”ni ko‘rishdi. O‘tgan asrning fojiasiga birinchi bor ro‘baru kelgan yoshlarning qalbi titradi.
- Cho‘l qa’rida yo‘qolib ketgan Orol dengizining rutubatli manzarasining guvohi bo‘ldik, - deydi yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Husan To‘xtayev. - Ayanchli... 1960 yillardagi dengiz xaritalarni kuzatdik. Ming afsuski, bugun mana shunday katta dengizda suv yo‘q... Yigirmanchi asrning eng katta fojiasi, insoniyat oldidagi katta sinov, ekologik tanazzul edi bu manzaralar. Aslida, Orol dengizining maydoni 66458 kvadrat kilometr, o‘rtacha chuqurligi 20-25 metr, eng chuqur joyi esa 67 metr bo‘lganligi haqida ilmiy asoslar mavjud. Bugun esa mana shu ulkan suv havzasi deyarli ko‘lmakka aylanib qolgan. Dengizning suvi keyingi 50-55 yilda 15 martadan ziyod kamayib, suv sathi 25 metrga pasaygan, hududda 5,5 million gektar tuzli qum maydonlari hosil bo‘lgan. Bu bizni tabiatga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishga, tabiat ne’matlarini asrashga chaqiradi.
Hozir bu yerda minglab gektar maydonlarga cho‘l giyohlari, saksovul va iqlimga mos, chidamli nihollar ekilmoqda. Orol dengizining qurigan hududida iqlimbop qandim, cherkes singari o‘simliklar qadalib, tuzli chang-to‘zon ko‘chishining oldi olinayapti. Qum barxanlari ko‘chishining, tuzlanishning shashti pasaytirilmoqda. Bunga talabalar ham o‘z hissasini qo‘shdi.
- SamDUning 15 nafar yoshlari bel bog‘lab, saksovul ekiladigan cho‘l zonasiga yo‘l oldik, - deydi Allayor Norboyev. - Biz 2 gektar maydonda sho‘r yerni kovlab, saksovul ekdik. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, saksovulning ko‘karishiga 20 foizgacha umid bor ekan. Shamol, chang-to‘zonga qaramasdan, ko‘plab fidoyi yurtdoshlarimiz ushbu ezgu hasharda ishtirok etmoqda. O‘tqazilgan saksovullar kelajakda tabiatimizning, ekologik muhitning yaxshilanishiga xizmat qilishidan umidvormiz.
SamDU yoshlari o‘tgan yili ham professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan Orolbo‘yiga borib, ilmiy izlanishlar o‘tkazgan holda daraxtlar ekkandi. Bu an’ana davom etmoqda. Zero, Vatanimizning har bir qarich yeri uchun barchamiz birdek mas’ulmiz.
Amriddin ZAYNIYeV.