Orol dengizining halokatiga nima sabab bo‘lgan?
Orol dengizi bir vaqtlar kattaligi jihatidan jahonda to‘rtinchi o‘rinda turgan. Mazkur dengizning qurib qolishiga ekologik halokatlar sabab deb hisoblanadi. Ammo u 60 yil ilgari qanday holatda edi?
O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida joylashgan Orol dengizida kema bandargohlari, baliq va baliq mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari, qolaversa, yuzlab baliq ovlovchi kemalar suzib yurgan. O‘tgan asrning 80-yillarigacha 34 xildan ziyod baliq turlari bo‘lgan dengiz o‘z tarixida bir necha marta qurib, yana suv bilan to‘lganligi ma’lum. Bu haqda bugungi kunda tadqiqot ishlari olib borayotgan Xalqaro ekspeditsiya a’zolarining o‘rganishlarida qayd etilgan. Buni dengiz tubidan topilgan ko‘psonli flora va faunalar ko‘rsatib turibdi. Olimlar 21 million yil ilgari, ya’ni kaynozoy erasi o‘rtalarida Orol Kaspiy dengizi bilan bog‘langan. Biroq ming yillar davomida ikki ulkan dengizni o‘zaro bog‘lab turgan daryolar qurib, bir-biridan ajralib ketgan.
Orol ilk bor 1849 yilda taniqli rus geografi A.Butakov rahbarligidagi ekspeditsiya tomonidan o‘rganilgan. Bir yildan so‘ng Rossiya imperiyasi dengizlar vazirligining gidrografik departamenti tomonidan Orol dengizining ilk xaritasi chop etildi. Oradan uch yil o‘tib, baliqchilik sanoati rivojlana boshlagach, o‘nlab yirik baliqchilik uyushmalari tashkil etildi. 1950 yilda Orol dengizi hajmi 68 ming kvadrat kilometr edi. Uzunligi 426 kilometr, eniga 284 kilometr, eng chuqur joyi esa 68 metr bo‘lgan. 1960 yildan boshlab dengizga quyiladigan daryolarning suvi cheksiz ekinzorlarga boshqarilgani sabab Orol quriy boshladi.
1989 yilga kelib Orol dengizi ikkiga ajraldi. Kichik Orol qo‘shni Qozog‘istonda, Katta Orol esa yurtimiz hududida qoldi. 2000 yillar boshlariga kelib, dengiz suvi 31 metrga kamayib, chuqurlik 22 metrga kelib qoldi. 2001 yilda esa Katta Orol dengizi g‘arbiy va sharqiy qismlarga bo‘lindi. 2003 yilda dengiz hududi torayib, suvi kamaydi. Bugunga kelib bir vaqtlar tubi chuqur bo‘lgan dengiz o‘rnida 38 ming kvadrat kilometr maydonda sahrolar paydo bo‘lgan.
Sobiq ittifoq davrida cho‘l va sahrolarni o‘zlashtirib, ekinzorlarga aylantirish maqsadida turli harakatlar amalga oshirilgan. Jumladan, umumittifoq bo‘yicha e’lon qilingan 5 yillik rejalar davomida ming-ming gektar hududlar sug‘oriladigan yashil maydonlarga, shahar va qishloqlarga aylantirildi. O‘nlab daryolar o‘zanlari kengaytirilib, yangi-yangi kanallar tortildi. Jumladan, Rossiyaning Kuban viloyatining bepoyon dala-dashtlari 1962 yilda barpo etilgan Katta Stavropol kanali orqali sug‘oriladi. Bu o‘z davrida o‘ta yirik loyiha hisoblanib, suv yo‘li atrofida o‘nlab shahar va qishloqlar paydo bo‘lgan.
O‘sha davrlarda mamlakat o‘z qudratini butun dunyoga ko‘rsatish maqsadida amalda bajarib bo‘lmaydigan o‘nlab yirik loyihalarga qo‘l urdi. Biroq ularning ayrimlari amalga oshirilganida jiddiy iqlim va tabiat o‘zgarishlariga olib kelishi mumkinligini hech kim o‘ylab ko‘rishmagan edi.
Mamlakat rahbarlarini loyihalarning xarajati emas, balki uning haybati qiziqtirardi. Jumladan, Kaspiy dengizini quritib, tubida yotgan millonlab barrel neftni hech bir qiyinchiliksiz kovlab olish loyihasi qancha mablag‘ talab qilishini bilasizmi? Yoki Qozog‘iston va O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun Sibir daryolarini burib olib kelish rejasi-chi? Bu hududlarga yuz yillardan buyon ichimlik suvi yetishmagan. Aniqrog‘i bor suvdan ham tejab foydalanilmagan. Irrigatsiya va meloratsiya muammolarini hal qilish uchun hech kim jon kuydirmagan.
Qanday qilib Sibir daryolarini Orolga burmoqchi bo‘lishgan?
G‘arbiy Sibir daryolarining o‘zanini O‘rta Osiyoga burish haqida ilk marta 1868 yilda gimnaziya talabasi Ya.Demchenko o‘zining «Orol-Kaspiy dengizlari bo‘ylarini o‘zgartirish» kitobida keltirib o‘tgan. 1948 yilga kelib «Plutoniya» va «Sannikov yeri» kitoblari muallifi, geolog va geograf V.Obruchev aynan shu muammolarni yodga oldi. 1968 yilda esa hukumat SSSR Fanlar akademiyasi va Boshplan kabi qator tashkilotlarga Sibir daryolarini O‘rta Osiyoga qarab burish loyihasini ishlab chiqishni topshirdi. Ularning maqsadi Sovet ittifoqi kuch-qudrati bilan bunyod etilgan yirik bir suv yo‘lini jahonga namoyish etishlari kerak edi. Uning oldida Qoraqum va Qrim kanallari oddiy ariqdek bo‘lishi kerak edi.
Shimoliy Muz okeanidan to‘g‘ri Fors ko‘rfazigacha
Yetakchi mutaxassislarning kuchi bilan Irtish va Ob daryolaridan to Orol dengizigacha bo‘lgan hududda ko‘plab suv ombori va kanallar tizimi qurildi. Daryolarning suvlari nafaqat Qozog‘istonning janubiy tumanlari, O‘zbekiston va Turkmaniston, balki Rossiyaning o‘nlab tumanlarini o‘zlashtirish uchun yetishi zarur edi. Shuningdek, daryo suvlari Kurgan, Chelyabinsk kabi viloyatlarga ham yetib borishi ko‘zda tutilgan edi. Loyiha amalga oshirilganida mazkur kanal Sibir va O‘rta Osiyoni bog‘lovchi yirik daryo transporti yo‘nalishiga aylangan bo‘lardi. Rejaga ko‘ra, suv yo‘li 2500 kilometrga cho‘zilib, eniga 130-300 metrni, chuqurligi esa 15 metrga yetishi kerak edi. Loyiha qurilishiga Eron ham bosh qo‘shishga tayyor edi. Ana shunda kemalar Shimoliy Muz okeanidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Fors ko‘rfazigacha borishi mumkin bo‘lardi. Sovet olim va iqtisodchilari yirik loyiha ustida kunu tun rosa bosh qotirishdi. 1970 yilga kelib hukumat mazkur loyihani 1971-1985 yillarda amalga oshirilishi tug‘risida qarori qabul qildi.
Nihoyat, yirik loyihaning ilk bosqichi amalga oshdi. Ya’ni, Irtish – Qarag‘anda kanali foydalanishga topshirildi. 1976 yilda komunistik partiyaning XXV s’yezdida taklif etilgan to‘rtta loyihadan bittasi qabul qilindi. Loyiha ustida ishlagan quruvchi olimlar hukumat rahbarlarini uni mamlakat qudrati uchun zarurligini, qishloq va xalq xo‘jaligini rivojlantirishda juda foydali ekanligini, shuningdek, qurilish ishlari uchun o‘n yil zarur bo‘lishini aytib ishontirishdi. Asosiy ishlar 1985 yilda boshlanishi kerak edi. Keyinchalik uni butunlay orqaga, ya’ni 2000 yilda tashlab yuborishdi.
Olimlar yirik loyihaga qarshi bo‘lishgan
Qurilishning boshlanish muddati kechiktirilgach, butun mamlakat bo‘ylab uning qanchalik foydali va zararli ekanligi haqida munozaralar boshlanib ketdi. Keng jamoatchilik, ayniqsa, ko‘plab mutaxassis va olimlar mazkur loyihaning kelajagi yo‘q, deya bong urishdi. SSSR Fanlar akademiyasi geolog olimlari shimol daryolarini janubga burish halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma tayyorlab hukumatga taqdim etdi. Xullas, ular mazkur loyihani to‘xtatishni talab qilishdi. Hukumat rahbari M.Gorbachyov topshirig‘iga ko‘ra, ekspertlardan tuzilgan komissiya qaroriga binoan ulkan loyiha to‘xtatildi.
Asr loyihasi uchun tabiatning qasosi
Bu kabi asr loyihalari nafaqat Sovet ittifoqida, balki AQShda ham bo‘lgan ekan. Unga ko‘ra, Alyaskadagi sersuv daryolarning suvini mamlakatning qurg‘ochil o‘lkalariga, shuningdek, Kanada va Meksika sahrolariga yo‘naltirmoqchi bo‘lishgan. 1950 yillarda loyiha ustida ko‘p ish olib borishgan. Biroq bu amalga oshirib bo‘lmaydigan loyiha ekanligi, qolaversa, iqlimni o‘zgartirganligi uchun tabiat qattiq o‘ch olishini bilib undan voz kechishgan.
Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.