Sirli Vozrojdeniye oroliga sayohat: Orol dengizidagi maxfiy hudud - "O‘lim shahri"ning fosh bo‘lgan sirlari
O‘tgan asrning 40 yillaridan to 90 yillarigacha – yarim asr davomida butun dunyodagi eng maxfiy hududlardan biri sanalib kelgan Orol dengizining qoq markazidagi Vozrojdeniye oroli hamon sirliligicha qolmoqda, deb yozadi kruz.uz. Tajriba sinovlari tugaganiga 27 yil vaqt bo‘lyapti-ki, bu yerda Sobiq Ittifoqning sovuq urush davridan qolgan zaharli sarqitlari saqlanib kelayotganligi aytilmoqda.
Orol dengizi to‘lin paytlarda unda 300 ga yaqin katta-kichik orollar mavjud bo‘lgan. Shularning eng yirik 3 tasi Ko‘korol, Barsakelmes va Vozrojdeniyedir.
Vozrojdeniye oroli XVI-XVII asrlarda Orol dengizi sathi pasaygan vaqtda hosil bo‘lgan. Mahalliy aholi tomonidan Qantubek deb nomlanib kelingan ushbu joy 1848 yilda leytenant Aleksey Butakov ekspeditsiyasi tomonidan kashf qilinib, I Nikolay podshoh hurmatiga Nikolay oroli deb nomlangan. Keyinchalik yangi hukumat davrida Vozrojdeniye nomi bilan atala boshlagan. Atrofi feruza rangli suv bilan o‘ralgan orolda minglab sayg‘oqlar to‘dasini uchratish mumkin bo‘lgan, dengiz esa baliqlarga boy bo‘lgan.
Qadimdan baliqchilar makon qilib kelingan so‘lim manzarali orol o‘tgan asrning 40 yillaridan boshlab biologik qurollarni sinovdan o‘tkazadigan hududga aylantiriladi. Shu paytdan boshlab baliqchilarga va boshqa begonalarga hududga yaqinlash qat’iyan man qilingan.
Shartli ravishda hududni “Barxan” yoki “Aralsk 7” deb nomlagan. Hudud o‘ta maxfiy sanalgan va dunyoning hech bir xaritalarida aks etmagan edi. Maxfiylik darajasi shu qadar bo‘lganki, poligonda xizmatda yurgan xodimlar qayerda ishlashayotganini bilmagan.
Vozrojdeniye haqida ko‘p eshitar edik, internetda esa u haqida ma’lumotlar bisyor, lekin shu kungacha u yerga borib ko‘rish nasib qilmagan edi. Joriy yil boshidan mazkur hududda quduqlar qazilib, saksovullar ekilib, yashil oazislar paydo qilinishi bahonasida arvoh shaharni ko‘zimiz bilan ko‘rish ishtiyoqi yana oshdi.
Bizga yo‘lboshchilik qilayotgan mo‘ynoqlik yigit shaharning marodyorlar tomonidan qo‘pol tarzda talon-taroj qilinganligini aytib berdi.
– Eshitishimcha, bu yerdagi harbiy qismda qoraqalpog‘istonlik bir yigit ham xizmatda bo‘lgan ekan, – deydi u. – Uning aytishicha, Sobiq Ittifoq tarqab, poligon faoliyati tugagandan keyin Qozog‘istonning Orol shahridan, Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq tumanlaridan ko‘plab odamlar bu yerdan narsalar tashiy boshlaydi. Shunda haligi yigit ham metallom tashishga ko‘pchilikka ergashib keladi va shaharni ko‘rib hayratdan qotib qoladi.
– Nahotki, bu men xizmat qilgan shahar bo‘lsa, – deb baqirib yuboradi. – Men aniq shu shaharda harbiy xizmatda bo‘lganman.
Uning gapiga boshqalar ishonch bildirmaydi. Shunda u men o‘zimning xonamni topib beraman sizlarga. Xonamdagi devorga o‘zimning ismimni yozib ketganman, deb hammani ergashtirib olib borsa, haqiqatdan ham yozuv saqlanib qolgan ekan.
Yo‘lboshlovchi yigitning aytgan hikoyasidan keyin u kishini topish va suhbat uyushtirishga qiziqish bildirgandik, lekin u haqida boshqa ma’lumot topishning iloji bo‘lmadi.
Umuman olganda, maxfiy hududda bir paytning o‘zida bir yarim ming kishi yashab, xizmatda bo‘lgan bo‘lsa ham ularga ma’lum vaqtgacha sirni oshkor qilmaslik bo‘yicha xizmat topshirig‘i bo‘lganligi aniq, chunki hatto Internetda ham bu bo‘yicha xizmatda bo‘lgan yoki harbiy shaharda yashagan biron kishining tilidan aytilgan hikoyalarni topib bo‘lmaydi.
Faqat Qanatjan Alibekov (Ken Alibek) tomonidan fosh qilingan sirlar butun dunyoni larzaga solgan edi.
Ken Alibek kim edi?
Qanatjan Alibekov (AQShda Ken Alibek, Kenneth Alibek) 1950 yilda tavallud topgan. Shifokor, olim, immunologiya va infeksion kasalliklar bo‘yicha mutaxassis. Harbiy shifokor, polkovnik, Biologiya fanlari va Biotexnologiya fanlari doktori ilmiy darajalariga ega.
U 1975 yildan boshlab Sobiq Ittifoqda biologik qurol yasash va sinov bilan shug‘ullanadigan “Biopreparat” tashkilotida rahbar lavozimlarda faoliyat yuritadi. 1990 yilda Sobiq Ittifoq prezidenti M. Gorbachevga yo‘llagan Ittifoqdagi biologik qurol ishlab chiqarish dasturini to‘xtatish bo‘yicha tavsiya xati ma’qullanadi va 1991 yilning oxirida AQSh biologik ob’yektlarini inspeksiya qiladigan komissiya boshqaruvchilaridan biri bo‘ladi. Inspeksiya AQShning harbiy biologik qurol ishlab chiqarishini 70 yillar boshlarida to‘xtatganini ko‘rsatadi.
Qanatjan Alibek 1992 yilda AQShga ko‘chib o‘tib, “Biohazard” nomli kitobini chop qiladi va unda Vozrojdeniye orolining siri to‘la ochib tashlanadi. Kitobda muallif “1998 yilda mening rahbarligimda Stepnogorsk shahrida yasalgan “Sibir kuydirgisi” ning dunyodagi eng kuchli shtammi ushbu orolda sinovdan o‘tkazildi” deb kesib aytdi.
Qantubek shahriga borayotganimizda har joyda turgan basketbol o‘ynaydigan stolbaga o‘xshash qoziqlar e’tiborimizni tortdi. Bu qoziqlar shahardan 5-6 kilometr uzoqda edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, eng qo‘rqinchli sinovlar shu qoziqlar atrofida o‘tkazilgan ekan.
Ma’lumki, mazkur orolda yarim asr davomida it, maymun, qo‘y, ot kabi hayvonlarda boshqa bakteriologik qurollar ham sinovdan o‘tkazilgan. Preparatlar namunalari Stepnogrosk, Kirov, Yekaterinburg kabi o‘nlab shaharlardagi biokimyoviy laboratoriyalardan yetkazib berib turilgan.
Qanatjan Alibekovning ta’kidlashicha, kichikroq tajribalar o‘tkazish maqsadida, haligi qoziqqa 8-9 ta maymunni bog‘lab, ularning tepasidan sibir kuydirgisini keltirib chiqaradigan biologik “bomba” ni sochib yuborib turgan. Shunday qilib, maxsus o‘lchov asbobiga yuqumli shtamlarning ochiq osmonda qanday qilib tarqalishini, qanday vaqtda tajriba-maymunlarga yetishini va ularga qanday ta’sir qilib, qanday o‘lishigacha yozilib olingan. Maymunlar tepalarida “bomba” yorilganida avvalida nima bo‘lganini bilmay, keyinchalik bezovtalanib qoziq atrofida aylanib yugura boshlaydi, so‘ng og‘izlarini bosib, boshlarini oyoqlari o‘rtasiga yashirib, ko‘p o‘tmay jon taslim qiladi.
Eng dahshatlisi, bu kabi sinovlar bakteriyalik aerozolning atmosferaga tarqalish ko‘lamini tadqiq qilish uchun Vozrojdeniye orolining ustki havo qavatida ham yuritilgan. Shunday paytlarda orol atrofida, asosan janubiy qismida yurish juda xavfli bo‘lgan. Chunki osmonda olib boriladigan tajriba sinovlari janubiy qismida sodir bo‘lgan. Tajriba o‘tkazilgan paytlarda atrof yashil rangda tumanlashib ketgan.
Oroldagi favqulodda vaziyatlar 1970 yillardan boshlanadi. 1971 yilda dengizda suzib yurgan tadqiqot kemasi shamol kuchi bilan qirg‘oqdan uzoqlab ketadi va qalin yashil tumanga kirib ketadi. Ekspeditsiya tarkibidagi yosh ayol olim kasallanib qoladi. Shaharga kelgandan keyin uning kasaliga chechak diagnozi qo‘yiladi. Ko‘p o‘tmay kasali tuzaladi, lekin kasallik 9 nafar kishiga yuqadi va ulardan 3 nafari, jumladan ukasi ham vafot etadi.
Oradan bir yil o‘tib, orol sohilidan ketayotgan qayiqda ilgari g‘oyib bo‘lgan ikki baliqchining jasadlari topiladi. Ularning o‘limiga o‘lat sabab bo‘lganligi ma’lum bo‘ladi.
Bir muncha vaqt o‘tgach, mahalliy aholi dengizdan ko‘plab o‘lik baliqlarni tortib oladi. Hech kim nima bo‘lganini tushunmaydi. 1988 yil may oyida esa orol yaqinidagi cho‘lda 50 ming boshdan iborat katta sayg‘oq podasi 1 soat ichida nobud bo‘lganligi qayd etiladi.
Ushbu hodisalarga orolda olib borilgan bakteriologik qurollarning sinov tajribasi sabab bo‘ldi, degan xulosa chiqariladi.
Avval ta’kidlaganimizdek, bakteriologik qurollar havoda ham sinab ko‘rilgan.
Xavfli antraks qurolining Sobiq Ittifoqda ishlab chiqilayotgani haqida tarqalgan xabar esa xalqaro mojaroga sabab bo‘ladi. 1988 yilda Rossiyaning Sverdlovsk shahri qoshida ishlab chiqarilgan yuzlab tonna sibir kuydirgisini keltirib chiqaruvchi qurollar zanglamaydigan maxsus konteynerlarga joylashtiriladi va ustiga xlorli ohak quyiladi. Keyinchalik minglab kilometr yo‘l bosib Vozrojdeniye oroliga ko‘miladi.
Ba’zi ma’lumotlarda antraksning 10 kilogrammi 300 ming odam yashaydigan bitta shaharni bir tunda qirib tashlash mumkinligi haqida aytiladi. Vozrojdeniyeda esa 24 ta vagon antraks ko‘milgan. 1999 yilda New York Times gazetasi ushbu ko‘milgan antraks quroli butun dunyo ahlini bir necha bor yo‘q qilib yuborishga qodir, dengiz suvi qurib ketyapti, orol kelgusida yarim orolga aylansa, u yerdan kemiruvchilar va qushlar orqali kasallik tarqab ketishi mumkinligi haqida bong uradi.
Orolda poligon faoliyati to‘xtatilgandan keyin Pentagon mutaxassislari va boshqa ilmiy ekspeditsiyalar tomonidan bir necha bor tadqiqotlar o‘tkazilgan. Lekin, shu kungacha tadqiqot olib borgan qator ekspeditsiyalar xulosasiga ko‘ra, hududda epidemiologik xavf kuzatilmagan.
Mo‘ynoqlik qari baliqchilar bu haqida nima biladi?
Mo‘ynoqlik ko‘pchilik yoshi ulug‘ baliqchilar ushbu maxfiy hududga va harbiy kemalarga ko‘p marotoba ro‘baro‘ bo‘lganini yaxshi eslaydi.
– Bir kuni Qozog‘istonning Orol shahridan barjaga ortilgan yukni Mo‘ynoqqa tortib olib kelayotgandik. Bir vaqtda kemamizning vintiga tros ilinib qolib, yurmay qoldi. Ancha ovora bo‘ldik, lekin, tros yozilmadi. Yordamga chaqiruvchi qizil SOS raketasini uchirdik. Oradan 2 soat vaqt o‘tgandan keyin yonimizda harbiy kater paydo bo‘ldi. Bortdagi hammamizni o‘zlarining kateriga o‘tkazib, kayutasiga qamab qo‘ydi va kemamizni sudrab noma’lum qirg‘oqqa olib keldi. Biz qayerga kelganimizni bilmasdik. Bu yerda biroz vaqt kemamiz tagiga ilashgan troslarni yozdirib, qaytadan sudrab avvalgi joyimizga olib keldi va bu hududga qaytib yaqinlashmang, deb buyurdi, – deydi mo‘ynoqlik baliqchi Olmos Tobashev.
– 1970-75 yillarda Orol dengizida bakrabaliq ko‘p bo‘lardi. Bakrabaliq asosan dengizning o‘rtasida bo‘lardi. Ba’zan qorong‘i tunda adashib ham qolganmiz. Bir kuni qalin tumanda dengiz o‘rtasida kompasimiz ishlamay qoldi, deng. Ko‘p vaqt adashib yurganmiz. To‘satdan yonimizda harbiylar kemasi paydo bo‘lgan. Kompasimizni tuzatib, qaysi tomonga yurishimizni ko‘rsatgan. Keyin bilsak, biz adashib, o‘sha paytlarda eng maxfiy sanalgan hudud – Orol dengizi o‘rtasidagi Vozrojdeniye oroliga yaqinlashib qolgan ekanmiz, – deb eslaydi uchsoylik Adilbay Bigeldiyev.
Arvoh shaharni turistik maqsadda foydalansa bo‘ladi...mi?
Vozrojdeniyega kirib borar ekanmiz, sahro tabiatining go‘zalligi lol qoldirdi. Joriy yilga bahorda yog‘ingarchilik mo‘l bo‘lgani bois atrof yam-yashil edi. Quyon ko‘p ekan. Saksovul qalin bo‘lib o‘sib ketgan.
Shaharga kirishimiz bilan qandaydir xavotir vujudimizni egallab oldi. Bo‘m-bo‘sh ko‘p qavatli uylar, binolar. Shamol huvillab, qo‘rqinchli ovozlar qulog‘ingga chalinadi. Bir burchakdan noma’lum hayvon chiqib keladigandek tuyulaveradi.
Tashlandiq shahar marodyorlar tomonidan shunday talanganki, binolar ichiga kirish xavfli bo‘lib qolgan.
Shahar ikkita qismdan iborat: shimoliy qismida bir yarim mingga yaqin poligon xizmatidagi harbiylar, ularning oila a’zolari va askarlar yashagan, janubiy qismida esa laboratoriyalar faoliyat yuritgan.
Aholi yashagan qismini 4 soat aylanib yurganimiz bilan hammasini ko‘rib chiqishga ulgura olmadik. Bizga har bir ob’yekt qiziq edi. Ha, bu yerda maktab, shifoxona, bolalar bog‘chasi, oshxona, do‘kon, hammom-kirxona kombinati, omborxona, avtobaza, hattoki, turmasi ham bo‘lgan. Maktab bilan shifoxona butunlay qo‘porib olib ketilgan. Shaharning g‘arbida kamida 40 tonna keladigan ko‘mir uyundisi qolib ketgan. Avtomashinalar, hatto tanklar ham tashlab ketilgan. Bugungi kunda ularning faqat skeleti qolgan.
Xavfli hudud bo‘lgan bo‘lsa ham bu yerda aholining yashashi uchun juda yaxshi sharoit yaratilgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Atrofi dengiz bilan qurshalgan hudud haqiqiy go‘zal manzaraga ega bo‘lganligi aniq.
Shaharning janubida 3 kilometrda joylashgan qismida laboratoriyalar mavjud. Xavfli bo‘lishiga qaramasdan, marodyorlar tomonidan laboratoriyalarning materiallari ham ayovsiz tunalgan. Hozirgacha ushbu binolardan dorilarning hidi anqib turibdi.
Ikkita shaharning o‘rtasida qozonxonaga o‘xshash binoni ko‘rdik. Ma’lum bo‘lishicha, krematoriy pech ham bo‘lgan ekan. Ya’ni, tajriba o‘tkazilgan hayvonlar shu yerda yoqib yuborilib, jasadlarning kuli maxsus joyga ko‘milgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik yuqtirgan odamlar ham shu yerda yoqib yuborilgan.
Tashlandiq shaharda qiziqarli ob’yektlar ko‘p-ki, ularni bir kun ichida aylanib chiqib bo‘lmaydi.
Xo‘sh, Vozrojdeniye xavfli hududmi yoki yo‘q? Bu savolning boshi hamon ochiq qolmoqda.
Ko‘plab davlatlarda, xususan, Chernobilda ham arvoh shaharlar turistik maqsadda foydalanib kelinmoqda. Vozrojdeniye hududining xavfsizligi isbotlansa, sayyohlik yo‘nalishida tezda mashhur bo‘lishi aniq.
Hozirning o‘zida Vozrojdeniyega yaqin joyda, ya’ni Shag‘ala massivida quduqlar qazilib yashil oazis barpo qilinmoqda. Maqsad sayyohlik salohiyatni ko‘tarish.
Vozrojdeniye esa nomiga mos tarzda qayta uyg‘onmoqda.