304 quti sigaret mahsulotlarini noqonuniy olib o‘tayotgan shaxs aniqlandi

Samarqand xalqaro aeroportiga “Sian-Samarqand” aviareysi bilan uchib kelgan yo‘lovchi ixtiyoriy ravishda “yashil” yo‘lak orqali bojxona nazoratidan o‘tayotganda, unga tegishli bo‘lgan bagaj va qo‘l yuklar bojxonachilarning e’tiborini tortdi.

Xodimlar yo‘lovchini “qizil” yo‘lakka yo‘naltirib, uning yuklarini ko‘zdan kechirishdi. Sumka ichidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan hamda bojsiz olib kirish me’yoridan ortiqcha, qiymati 30,4 million so‘mlik 304 quti sigaret mahsulotlari borligi aniqlandi.

Mazkur tovarlar vaqtincha saqlovga olinib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, jismoniy shaxslar bojxona chegarasi orqali bojxona to‘lovlarisiz umumiy miqdori 200 dona sigaretlar olib kirishlari mumkin.

Bojxona boshqarmasi axborot xizmati.