368 ming nafar o‘quvchidan sport sinovlari olindi

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish maqsadida 11 ta yosh toifasi bo‘yicha besh yo‘nalishda «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlari qabul qilinmoqda.

Viloyatimizda joriy yilning mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha, avgust-sentyabr oylarida 30 yoshdan 49 yoshgacha, oktyabr-noyabr oylarida 50 va undan katta yoshdagi shaxslardan hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan murakkablik darajasini hisobga olgan holda ixtiyoriy va maxsus talablar asosida sport sinovlari olinyapti.

Sport sinovlarini topshirgan fuqarolarning tahliliy ma’lumotlarini yagona elektron bazada yuritish amaliyotini joriy etish maqsadida my.sport.uz platformasida “Sport sinovlari” axborot tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, uzoq va qisqa masofaga yugurish, yurish, basketbol savatchasiga to‘p kiritish, uzun va qisqa masofaga sakrash, granata uloqtirish kabi sport mashg‘ulotlarini bajargan ishtirokchilar baholab borilmoqda.

- Prezidentimizning 2021 yil 16 iyundagi “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida mart-aprel oylarida viloyatdagi 368 ming nafar o‘quvchidan sport sinovlari qabul qilindi, - deydi viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i vazifani bajaruvchi Olim Sobirov. - Ushbu sport sinovlarining ixtiyoriy va maxsus talablari mahalla va maktablarda tanlab olingan sport inshootlarida o‘tkazilmoqda. Sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan ishtirokchilarga «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, g‘oliblarga ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan amaliy mashg‘ulotlarda ustunlik beradigan sertifikatlar berilib, maxsus talablarni bajargan 10-11-sinf o‘quvchilari “Vatan tayanchi” xarbiy otryadlariga qabul qilinadigan bo‘ldi.