370 nafar bitiruvchi istiqbolli kadrlar zaxirasiga olindi
Bu, avvalo, bitiruvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va ularni ishga joylashtirishga qaratilgan tizimli jarayonni o‘z ichiga oladi. Buning uchun viloyat hokimining har bir o‘rinbosari tegishli sohalar bo‘yicha shaxsan mas’ul etib belgilandi.
Ushbu jarayonda dastlab boshqarma, korxona va tashkilotlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji aniqlandi, shuningdek, bitiruvchilarning ma’lumotlar banki shakllantirildi. Ular egallagan mutaxassisligi, jumladan, diplom ishi mavzusi bo‘yicha tegishli korxona va tashkilotlarga, tuman (shahar) hokimliklariga biriktirildi.
Bitiruvchilarning hokimliklar, korxona va tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashi va keyinchalik ishga joylashishi yuzasidan tadbirlar belgilangan. Bu jarayonni to‘g‘ri va samarali tashkil qilish uchun har bir bitiruvchi bilan tuman (shahar) hokimi, boshqarma boshlig‘i uchrashib, suhbatlashadi.
Amaliyot davrida hokimliklar, korxona va tashkilotlarda bitiruvchining oliy o‘quv yurtida olgan nazariy bilimini amaliyotda mustahkamlashi uchun zarur sharoit yaratiladi.
Bitiruvchining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va uni ishga joylashtirish jarayoni aks etgan yagona shakldagi ma’lumotlar bazasi paydo bo‘ladi. Natijada har bir bosqichdagi tadbirlar ijrosi nazoratga olinadi, to‘plangan ma’lumotlar tahlil qilib boriladi.
Eng muhimi, har bir bitiruvchi mahalliy hokimliklarning istiqbolli kadrlar zaxirasiga olinib, kelgusida ularni rahbarlik lavozimlariga tayinlash choralari ko‘riladi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, hozircha oliy o‘quv yurtlarining 370 nafar bitiruvchisi mahalliy hokimliklarning istiqbolli kadrlar zaxirasiga olingan.
F.HASANOV.