Markaziy Osiyoda yangi hamkorlik davri: Prezident Mirziyoyev maqolasidan xulosalar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oldidan "Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida" sarlavhali maqolasini katta qiziqish bilan o‘qib o‘rganyapmiz.

Prezidentimiz mazkur maqola orqali Markaziy Osiyo davlatlarining yaqin o‘n yilliklar ichidagi taraqqiyot strategiyasini belgilab berdilar. Davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro qo‘shnichilik, barcha sohalardagi tizimli hamkorlik, xalqlarimizning emin-erkin muloqot qilishlari uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar buning yorqin dalilidir.

Prezidentimiz davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvi doirasida erishiladigan hamkorlik aloqalariga jiddiy e’tibor qaratmoqdalar.

– “Maslahat uchrashuvlari formati yo‘lga qo‘yilgan 2017 yil mintaqaviy hamkorlik tarixida tub burilish yasadi. Mintaqa yetakchilari ko‘p yillar mobaynida birinchi marta tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqotni boshladilar. Bu ishonchga, ochiqlik va umumiy manfaatlarni anglashga asoslangan yangicha siyosiy tafakkur ramziga aylandi. Aynan Maslahat uchrashuvlari doirasidagi muloqot tufayli eski davrdan qolgan bir qator kelishmovchiliklarni bartaraf etish va ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlikka o‘tishga erishildi.

Mintaqaviy hamkorlik borasida boshlangan yangi bosqichning eng muhim yutuqlaridan biri — chegara masalalari uzil-kesil hal etilganidir. Yaqin-yaqingacha imkonsiz tuyulgan bu muammoning yechimi bugun real holatga, bir paytlar bizni ajratib turgan chegaralar esa do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylandi. 2025 yil mart oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi Shartnoma va Xo‘jand deklaratsiyasining imzolangani tarixiy ahamiyatga molik hodisadir. Buni haqli ravishda olamshumul voqea deb atash mumkin.

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida "Qambarota GES-1" loyihasini birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim mintaqaning suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish, Toshkent va Bishkek o‘rtasida Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv, O‘zbekiston va Tojikiston ishtirokida Zarafshon daryosida "Yovon" va "Fondaryo" GESlarini qurish bo‘yicha hamkorlik oldinga siljimoqda, O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston o‘rtasida "Bahri" Tojik suv omborini vegetatsiya davrida kelishilgan tartibda ishlatish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Turkmaniston bilan hukumatlararo bitim doirasida Amudaryo suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu suv resurslarini birgalikda boshqarishni yaxshilaydi hamda ekologik muammolar xavfini kamaytiradi.

- Bularning barchasi ishonch, o‘zaro manfaatdorlik va umumiy resurslarga adolatli yondashuvga asoslangan yangi hamkorlik ruhini shakllantirmoqda. Bunday loyihalar aholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaning energetik xavfsizligini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda, - deya ta’kidladi Prezidentimiz.

Davlat rahbarining ushbu maqolasi partiyadoshlarimiz o‘rtasida qizg‘in o‘qib o‘rganilmoqda. Unda bildirilgan fikrlar, taraqqiyot sari dadil intilayotgan xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, chegarabilmas do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xo‘jaqul Muhammadiyev,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat tashkiloti ijroiya qo‘mitasi raisi.