Samarqandda go‘sht mahsulotlarini ochiq joyda saqlash holati yuzasidan tezkor chora ko‘rildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida go‘sht mahsulotlaridan archa yasalib, ularning ochiq holda ko‘chada saqlanayotgani va bu holat go‘sht mahsulotlarining gigiyenik jihatdan iste’molga yaroqliligi borasida e’tirozlarga sabab bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar veterinariya bo‘limi hamda shahar IIB jamoat tartibini saqlash bo‘limi karantin guruhi xodimlari ishtirokida tezkor ishchi guruh tashkil etilib, voqea joyiga chiqildi.
O‘rganishlar davomida gigiyena va sanitariya talablariga zid holatlar aniqlanib, ushbu kamchiliklar zudlik bilan bartaraf etildi. Shuningdek, mas’ullarga sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli choralar belgilandi.