Prezident Murojaatnomasi qurilish sohasida ham dasturulamal bo‘ladi
Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan navbatdagi Murojaatnoma mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va, albatta, qurilish-bunyodkorlik yo‘nalishidagi ustuvor vazifalarni aniq va ravshan belgilab berdi.
Ushbu Murojaatnoma, avvalo, xalqimiz manfaatlarini ta’minlash, hududlarni kompleks rivojlantirish, shahar va qishloqlarda zamonaviy yashash muhitini yaratishga qaratilgan strategik hujjat sifatida ham ahamiyatlidir.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasi aholi farovonligini oshirishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz Murojaatnomada bu yo‘nalishga alohida to‘xtalib, hududlarda bunyodkorlik ishlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, qurilishda qonun ustuvorligini ta’minlash, xavfsizlik va sifat talablarini keskin kuchaytirish zarurligini qat’iy ta’kidladi. Bu esa biz, hududiy nazorat inspeksiyalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Samarqand viloyati tarixiy merosi, me’moriy obidalari va zamonaviy rivojlanish sur’atlari uyg‘unlashgan hudud sifatida o‘ziga xos markaz sanaladi. So‘nggi yillarda viloyatda turar-joylar, ijtimoiy soha ob’yektlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, yo‘l va transport infratuzilmasi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Murojaatnomada hududlar rivojini ta’minlashda aynan shunday tizimli yondashuvni davom ettirish, qurilish jarayonlarini puxta rejalashtirish va samarali nazoratni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Belgilangan eng muhim vazifalardan yana biri qurilish sohasida tartib-intizomni mustahkamlash, noqonuniy qurilishlarning oldini olish va barcha ob’yektlar belgilangan me’yoriy hujjatlar asosida barpo etilishini ta’minlashdir. Endilikda inspeksiya faoliyati nafaqat tekshiruvlar o‘tkazish, balki qurilish jarayonlarida ochiqlik, shaffoflik va mas’uliyatni oshirishga qaratiladi.
Shuningdek, arzon va sifatli uy-joy qurish orqali aholi turmush sharoitini yaxshilash, shaharsozlik madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Nazorat inspeksiyasi sifatida bizning vazifamiz har bir ob’yektning loyiha talablariga mosligini, zilzilabardoshlik va energiya samaradorligi mezonlariga javob berishini ta’minlashdan iborat.
Prezidentimiz qurilish sohasida raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalasiga ham to‘xtaldilar. Bu yo‘nalishda inspeksiya tomonidan qurilish jarayonlarini elektron monitoring qilish, ruxsatnomalar va hujjatlarni raqamli platformalar orqali yuritish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Bu, o‘z navbatida, korrupsion holatlarning oldini olishga, inson omilini kamaytirishga va nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Murojaatnomada qayd etilgan yana bir muhim jihat hududlarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, xususan, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va madaniyat ob’yektlari qurilishini jadallashtirishdir. Samarqand viloyatida ushbu ob’yektlar qurilishi doimiy nazoratda bo‘lib, ularning belgilangan muddatlarda va sifatli foydalanishga topshirilishi ushbu topshiriqlarning amaliy ifodasi bo‘ladi.
Shu bilan birga, ekologiya va yashil hududlar masalasiga ham e’tibor qaratildi. Qurilish jarayonlarida atrof-muhitga zarar yetkazmaslik, yashil maydonlarni saqlab qolish va ko‘paytirish, shahar va qishloqlarda qulay ekologik muhit yaratish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Belgilangan ustuvor vazifalar bizdan yanada mas’uliyatli, tashabbuskor va halol faoliyatni talab etadi. Qurilish-bunyodkorlik sohasida har bir xodim, har bir mutaxassis o‘z ishiga vijdonan yondashishi, qonun va me’yorlarga qat’iy amal qilishi lozim. Chunki bugun qurilayotgan har bir bino kelajak avlodlar uchun yaratilayotgan muhitdir. Shu ma’noda Murojaatnoma qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida oldimizga aniq va ulkan vazifalarni qo‘ydi. Ularni so‘zsiz bajarish, qurilish-bunyodkorlik ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, xalqimiz uchun xavfsiz, qulay va zamonaviy yashash muhitini yaratishga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Akmal Shukurov,
viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi rahbari.