Prezident Murojaatnomada mahalla va ma’naviyat masalalariga alohida urg‘u berdi
Ushbu dasturiy hujjatda jamiyat taraqqiyotining poydevori sifatida inson, uning ongi, dunyoqarashi va ma’naviy kamoloti birinchi o‘ringa qo‘yildi.
Murojaatnomada mahalla jamiyat hayotidagi eng muhim ijtimoiy institut sifatida e’tirof etildi. Mahalla nafaqat aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, balki ma’naviy tarbiya, oilaviy qadriyatlarni asrash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida kamol toptirishda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Prezident ta’biri bilan aytganda, mahalla — xalq bilan davlat o‘rtasidagi eng yaqin va ishonchli ko‘prik.
Davlatimiz rahbari ma’naviyatni yuksaltirish masalasini mahalla faoliyati bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rib chiqdi. Ayniqsa, yoshlar tarbiyasi, ularni turli yot g‘oyalardan asrash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida voyaga yetkazishda mahallaning mas’uliyati yanada oshirilishi ta’kidlandi. Shu bois, mahallada ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini kuchaytirish, ma’naviyat maskanlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Ijtimoiy adolatni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va aholining turmush darajasini yaxshilash jarayonlarida ham mahallaning o‘rni alohida qayd etildi. Har bir oila, har bir inson muammosini mahalla darajasida o‘rganish va hal etish orqali jamiyatda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash maqsad qilingan.
Shuningdek, 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi davlat siyosatining insonparvar va ma’naviyatga yo‘naltirilganligini yaqqol namoyon etdi. Bu tashabbus mahallalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan birga, ularda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Prezidentimiz ta’lim, tarbiya va ma’naviyatni bir-biridan ajralmas jarayon sifatida talqin etar ekan, mahallada maktab, oila va jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish zarurligini alohida ta’kidladi. Bu esa barkamol avlodni tarbiyalashda mahallaning rolini yanada oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, Murojaatnomada mahalla va ma’naviyat masalalariga berilgan e’tibor Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamdir. Belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish orqali mahalla haqiqiy ma’noda ma’naviyat va insonparvarlik maskaniga aylanadi. Bu esa jamiyat taraqqiyoti va xalq farovonligini ta’minlashda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Mo‘tabar Yo‘ldosheva,
viloyat Kengashi deputati.