Texnologiya insonni emas, inson texnologiyani boshqarishi kerak
Bugun globallashuv davrida ta’lim jarayonining har bir bo‘g‘iniga sun’iy intellekt kirib boryapti. Raqamli darsliklar, avtomatlashtirilgan platformalar, virtual laboratoriyalar va hatto robot-maslahatchilar – bularning bari endi kundalik hayot. Dunyoning istalgan burchagida 18-30 yoshdagi yigit-qiz bilan gaplashsangiz, telefonida ChatGPT, Midjourney yoki Gemini ochiq turibdi. Lekin bu jarayon shunchaki, “qulaylik” bilan cheklanmayapti. U yosh avlodning tafakkuri, ijodkorligi, kasb tanlovi va hatto ruhiy holatini tubdan o‘zgartirmoqda.
O‘quvchi yoki talaba uchun murakkab masalani yechish, matn yozish, fikrni izohlash yoki ma’lumot yig‘ish bir necha daqiqalik ishga aylandi. Birgina buyruq bilan sun’iy intellekt ularning o‘rniga izlanadi, saralaydi, tahlil qiladi va xulosa chiqaradi.
Yoshlar endi “qanday yozishni” emas, “qaysi prompt yaxshi ishlaydi”ni o‘rganishmoqda. 2024 yilda o‘tkazilgan bir tadqiqot (Stanford universiteti) shuni ko‘rsatdiki, ChatGPTdan doimiy foydalangan talabalarda tahliliy fikrlash qobiliyati 19–27 foizga pasaygan. Sababi oddiy: miya “o‘zi izlash” o‘rniga “tayyor javob olish”ga o‘rganmoqda. Bu esa uzoq muddatda mustaqil fikrlaydigan avlod emas, “prompt injenerlari” avlodini yetishtiradi.
Ta’limning tub mohiyati — fikrlashni o‘rgatish, izlanishga yo‘naltirish, muammoni anglash va hal qilishga undash. Ammo SI ko‘plab yoshlar uchun bu jarayonlarni “oshqozon hazm qilganidek” tayyor mahsulotga aylantirib qo‘ymoqda.
Auditoriyada o‘qituvchi mavqei qayta taqsimlanayotgani, raqobat tobora ortib borayotganini his qilmoqda. Talabalar ko‘pincha savollarini ustozdan oldin sun’iy intellektga yo‘llaydi. Ba’zan SI qisqa vaqt ichida kengroq javob beradi, misollar keltiradi, qo‘shimcha manbalar bilan ta’minlaydi.
Ammo bitta muhim jihat bor: sun’iy intellekt bilim beradi, ammo tarbiya bermaydi. U ma’lumotni ko‘paytiradi, ammo qadriyat, mas’uliyat va ma’naviy mezon singari insoniy fazilatlarni shakllantira olmaydi.
Shu bois ta’lim jarayonida SI na o‘qituvchining o‘rnini bosadi, na ta’limning tarbiyaviy mohiyatini almashtiradi. U faqat vosita, vosita esa maqsad bo‘lib qolishi mumkin emas.
Muammoning eng dolzarb jihati yoshlarning texnologiyani iste’mol qiluvchiga aylanib borayotganida. Ko‘pchilik sun’iy intellektdan faqat tayyor javob olish uchun foydalanadi, raqamli vositani ijodiy mahsulot yaratish emas, “o‘qishdan qutulish” vositasiga aylantiradi, texnologiya ortidagi algoritm, mantiq yoki kodlash tamoyillaridan bexabar qoladi.
Kelajakning iqtisodi esa yaratuvchilarnikidir. Bundan keyin algoritm yozadigan, model o‘rgatadigan, texnologiyani boshqaradigan, uni insoniyat manfaatiga yo‘naltiradiganlar ustunlik qiladi. Demak, yoshlarni SIning iste’molchisiga emas, balki uning ijodkori va muhandisiga aylantirish ta’limning strategik vazifasiga aylanishi kerak.
Dunyo bugun bir haqiqatni tan olyapti: algoritmlar faqat texnik vosita emas, ular ongimizga, qarorlarimizga, xulq-atvorimizga ta’sir ko‘rsata oladigan kuchga aylandi. Agar yoshlar SI tavsiyalarini mutlaq haqiqat sifatida qabul qilsa, doimiy qaram bo‘lib qolsa, ularda tanqidiy fikrlash susayadi, mustaqil xulosa chiqarish zaiflashadi, ma’naviy mezonlar o‘zgarishi mumkin.
Shu sababli o‘quvchi va talabalarga SI bilan ishlash madaniyatini o‘rgatish bugungi ta’limning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Buning uchun avvalo, SI savodxonligi bo‘yicha majburiy kurslar joriy etish lozim.
Yoshlar texnologiyaning qanday ishlashini, uning cheklovlari va xavflarini bilishi shart.
Ikkinchidan, fikrlash, tahlil qilish ko‘nikmalarini kuchaytiruvchi darslarni ko‘paytirish, mantiq, tahlil, muammo yechimi, debat madaniyat kabi axborot texnologiyalarining bosimiga bardosh bera oladigan ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadga muvofiq.
O‘qituvchilarni SI bilan ishlash bo‘yicha qayta tayyorlash ham foydadan xoli bo‘lmaydi.
Qolaversa, sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha qoida va me’yorlarni ishlab chiqish, plagiat, “tayyor referat”, “ko‘chirib yozish” kabi illatlarga SI yordamida “legal tus” berilishining oldini olish zarur.
Yoshlarni texnologiya yaratuvchisiga aylantiruvchi platformalarni ko‘paytirish, robototexnika, dasturlash, SI modellashtirish bo‘lajak raqobatbardosh avlodning asosiy yo‘nalishlari bo‘lishi kerak.
Ammo shuni unutmaslik shartki, sun’iy intellekt — zamon talabi, undan voz kechish mumkin emas. Uni ta’limga joriy etish jarayoni nafaqat texnik, balki ma’naviy, intellektual va tarbiyaviy masala hamdir. Agar ta’lim tizimi texnologiya bilan birga yoshlarning fikrlash, izlanish va ma’naviy immunitetini mustahkamlasa, SI taraqqiyot kuchiga aylanadi. Agar bizda buning aksi yuz bersa, inson texnologiyani emas, texnologiya insonni boshqaradi. Shu bois bugungi eng dolzarb vazifa sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganishdir.
Ma’suma MO‘MINOVA,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
Shahrisabz davlat pedagogika instituti dotsenti.