Bag‘rikenglik va kitob: Samarqandda ma’rifiy tadbirda millatlar vakillari birlashdi
Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida 16 noyabr — Xalqaro bag‘rikenglik kuni hamda “INFOLIB UZBEKISTAN-2025” haftaligi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita viloyat hududiy boshqarmasi hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar, nodavlat-notijorat tashkilotlar vakillari, O‘zbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmalari viloyat bo‘limlari a’zolari, kitobxonlar va ijodkor yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab tadbirda yurtimizdagi millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va dinlararo hamjihatlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

- Butunjahon bag‘rikenglik kuni yurtimizda ham keng nishonlanadi, — dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sohibnazar Boymurodov. - Viloyatimizda 11 ta milliy madaniy markazlar faoliyat yuritadi. Umuman, tuman-shaharlarimizda barcha millat va elat vakillarining o‘z milliy qadriyatlari, urf-odatlari va tilini saqlab qolishi hamda rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Tadbir doirasida tojik tilida chop etilgan “Ovozi Samarqand: az didaho, shunidaho” kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi.
- “INFOLIB UZBEKISTAN-2025” haftaligi doirasida markazimizda har kuni turli yoshdagi kitobxonlar uchun tematik o‘qishlar, mualliflar bilan uchrashuvlar, kitob taqdimotlari, interaktiv o‘yinlar va kitobxonlik fleshmoblari tashkil etildi, - deydi Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari Zebiniso Shodiyeva. - Ushbu kitob taqdimotini ham ana shu tadbirlarimizning uzviy davomi bo‘lyapti, deyishimiz mumkin. Maqsadimiz – kitob mutolaasini har bir xonadon, har bir yoshning kundalik hayotiga aylantirishdir. Quvonarlisi, hafta davomida kitobxonlar soni ortdi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida zamonaviy adabiyotga qiziqish kuchaydi.

Ma’rifiy tadbir yakunida ishtirokchilar “Yashil makon” umummilliy harakatiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Samarqand shahrining Siyob kanali bo‘yida “Do‘stlik bog‘i” tashkil etildi va u yerga manzarali hamda mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Ushbu ramziy tadbir turli millat vakillarining birligi va o‘zaro hurmatini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.