4 kunlik chaqaloqni 20 ming AQSh dollariga sotayotgan ayollar qo‘lga olindi
Sirdaryo viloyati Xovos tumanida to‘rt kunlik chaqaloqni sotayotgan ayollar ushlandi, deya xabar berdi viloyat IIB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 2020 yilning 9 noyabr kuni Sirdaryo viloyati IIB TEQKB odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Xovos tumani hududida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida Mirzaobod tumanida yashovchi fuqaro I.S. hamda Xovos tumanida yashovchi fuqaro N.Sh. bilan o‘zaro til biriktirib, fuqaro I.S.ning 4 kunlik qiz farzandi I.K.ni Guliston shahrida yashovchi S.Z.ga 20 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.
Tadbir davomida I.S hamda N.Sh. ismli shaxslardan ashyoviy dalil tariqasida 20 ming AQSh dollari olingan.
Holat yuzasidan hozirgi vaqtda Sirdaryo viloyati IIB TEQKB xodimlari tomonidan tezkor tekshiruv ishlari olib borilmoqda.