5 may - Butunjahon qo‘l gigiyenasi kuni

2008 yildan beri BMT Bosh assambleyasining qaroriga muvofiq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda har yili Butunjahon qo‘l gigiyenasi kuni o‘tkazilib kelinmoqda. Maqsad – toza qo‘l salomatlik garovi ekanligi to‘g‘risida aholi xabardorligini oshirish.

Darhaqiqat, qo‘lni toza saqlash - bu patogenlar tarqalishining oldini olishning eng oddiy va samarali chorasidir. Virus, bakteriyalar qo‘zg‘atadigan kasalliklar birinchi navbatda qo‘l orqali yuqishi mumkin, shu jumladan shamollash, gripp, virusli gepatit, ichak infeksiyalari va boshqalar.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adan Gebreyesus yaqinda Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda qo‘l yuvish koronavirus infeksiyasini oldini olishning eng samarali usullaridan biri ekanligini yana bir bor ta’kidladi.

Doimiy foydalanish uchun antibakterial xususiyatga ega bo‘lmagan, oddiy sovunni afzal bilish tavsiya etiladi.

Unutmang, qo‘l gigiyenasi – infeksiyalarga qarshi kurashning asosiy shartidir.
Qo‘lni:

▮ taom tayyorlashdan oldin va tayyorlash jarayonida;
▮ ovqatlanishdan oldin;
▮ kasalmand kishiga qaragandan keyin;
▮ teri yarasi, jarohatini davolashdan oldin va keyin;
▮ hojatxonadan chiqqach;
▮ yosh bolani parvarishlashdan oldin;
▮ yo‘tal, aksirish va burunni tozalagach;
▮ hayvonlar bilan aloqada bo‘lgandan keyin;
▮ maishiy chiqindilar bilan ishlashdan keyin;
▮ ko‘chadan uyga qaytgach va h.k. yuvish zarur.
Qo‘llaringizni toza tuting va sog‘lom bo‘ling!

G.Xoldorova tayyorladi.