5 ta uy olib berishni va’da qilgan jomboylik firibgarga jinoyat ishi ochildi
Jomboy tumanida yashovchi fuqaro, 29 yoshli S.M. Samarqand shahar hokimligi tomonidan kam ta’minlangan oilalarga shaharning Obod maskan mahallasi Qorasuv maskanida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan berayotganligini aytib, o‘zining tanishi, 45 yoshli Sh.M.ga ham ushbu joydan 5 ta uyni kredit shartlari asosida, arzon narxda olib berishini va’da qilgan. Uning ishonchiga kirib, 2018 yilning dekabr oyidan 2020 yilning mart oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida, bo‘lib-bo‘lib jami 16.400 AQSh dollarini olgan va hozirgi kunga qadar uy olib bermasdan pullarni o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuborganligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB xuzuridagi tergov bo‘limi tomonidan S.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.