50 000 AQSh dollar talab qilgan bosqinchi qamoqqa olindi

2020 yilning 17 yanvar kuni taxminan soat 04:00 larda noma’lum shaxs yuziga niqob kiygan holda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Chinobod mahallasida yashovchi fuqaro 57 yoshli N.R.ning uyiga bostirib kiradi.

Uxlab yotgan N.R.ni pichoq bilan qo‘rqitib, undan 50.000 AQSh dollari talab qilgan. N.R. pul yo‘qligini aytib baqir-chaqir qilganida, noma’lum shaxs 50.000 AQSh dollari tayyorlab qo‘yishini va ertasi kuni olib ketishini aytib, bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar qilsa, N.R.ni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, hech narsa olmay, uyning ayvonida turgan “LG” rusumli televizorni ekranini sindirib hodisa joyidan yashiringan.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni muqaddam sudlangan 37 yoshli F.Q. sodir etganligi aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan.

Holat yuzasidan Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan fuqaro F.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikassi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida, F.Q. yuqoridagi jinoyatidan tashqari yana bir o‘g‘irlik jinoyatini sodir etgani, ya’ni 2020 yil 6 yanvar kuni Allaqarg‘a qishlog‘idagi A.B.ga tegishli do‘kon omboriga qulfni buzish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, 572.000 so‘mlik buyumlarni o‘g‘irlagani aniqlangan. Har ikkala jinoyat ham bir shaxs tomonidan sodir etilgani aniqlanganligi sababli bir ish yurituvga birlashtirilib, F.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi va 169-moddasi 2-qismi  “g” bandi bilan ayblov e’lon qilingan hamda “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.