500 dan ziyod medallar jamg‘armasi bor otaxon
Payariq tumanidagi “Javshar ota” mahallasida Olimjon bobo Yoqubjonov istiqomat qiladi.
Otaxon o‘tgan umri davomida mingga yaqin turli ko‘rinishdagi medallarni to‘plab keldi. Hozirda uning uyida ana shu medallarning 576 tasi saqlanib kelinmoqda.
- Yoshligimdan medal, tanga va shunga o‘xshash narsalarni to‘plashga harakat qilib kelganman, - deydi Olimjon Yoqubjonov. - Jamg‘armamda bugungi kunda shahar timsollari, olimpiada ramzlari, o‘quvchilikda, talabalikda beriladigan, harbiy xizmatdagi, birinchi va Ikkinchi jahon urushiga oid medallar bor.
To‘g‘risini aytsam, bu medal va ramzlar bir yil yoki ikki yilda to‘plangan emas. Bunga yillar ketgan, desam xato bo‘lmaydi. O‘zim Ukraina pedagogika institutining rus filologiyasini bitirganman. O‘qish davomida Rossiyaning ko‘plab shaharlarida bo‘lganman. O‘sha vaqtlari ham qayerga borsam, medal yig‘ishga harakat qilganman. Ko‘plar shunda menga aytardi: “Nima qilasan bu temir-tersakni shig‘irlatib”. O‘shanda nima deyishni bilmay yelka qisib qutulganman. Hozir shu medallarni ko‘rsam, qaysini qayerdan olganligim birdaniga ko‘z o‘ngimda gavdalanaveradi. Xuddi olgan joyimga borib qolganday his qilaveraman o‘zimni.
33 yil maktabda rus tili fanidan saboq berdim. O‘quvchilarga bu medallarni ko‘rsatib dars bergan kunlarim ham ko‘p bo‘lgan. Chunki bu medallarning o‘zi bir dars. Bugun nafaqaga chiqqan bo‘lsam-da, uyimga yoshlar, o‘quvchilar medallarni tomosha qilishga tez-tez kelib turadi.
Olimjon akaning yoshligidan medal to‘plab yurishlari ko‘pchilik uchun oddiydek ko‘rinar. Lekin bu fazilat yoshlarimiz uchun ibrat olsa arzigulik.
Husniddin Xoldorov.