54 yoshda pensiyaga chiqish mumkinmi?
Botir RAHIMOV,
Samarqand shahridan.
– "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunning 42-moddasida ish stajini tasdiqlash tartibi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, mehnat daftarchasi ish stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi.
"Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida"gi nizomning 55-bandida belgilanishicha, ish staji ish, xizmat, o‘qish yoki ish stajiga hisoblanadigan boshqa faoliyat amalga oshirilgan joydan, shuningdek, arxiv muassasalaridan beriladigan hujjatlar bo‘yicha belgilanadi.
Qonunning 37-moddasiga muvofiq, faoliyat turi, mulk va xo‘jalik yuritish shaklidan qat’i nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini to‘lagan bo‘lsa, ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
"Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida"gi nizomning 56-bandiga muvofiq, ish staji to‘g‘risida hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, mehnat faoliyati davrlari sudning qarori bilan belgilanadi. Siz ushbu holatda sudga murojaat qilish huquqiga egasiz.
***
– Yaqinda 54 yoshga to‘ldim, imtiyozli pensiyaga chiqish uchun byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining tuman bo‘limiga hujjat topshirgandim, rad javobini berishdi. Mening talabim noto‘g‘rimi?
Sayyora ERMATOVA,
Kattaqo‘rg‘on tumani.
– Amaldagi qonunga asosan kamida yigirma yillik ish staji bo‘lgan ayollar ellik to‘rt yoshga to‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.
Mehnat daftarchasidagi yozuvlar bo‘yicha fuqaro ish haqi saqlanmagan holda ta’tilda bo‘lgan vaqti, mehnatga layoqatsizlik ta’tilida bo‘lgan vaqti, tug‘ruqqacha va tug‘ruqdan keyin ta’tilda bo‘lgan vaqti va bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan vaqtlari aks ettirilmaydi. Ushbu davrlar ayollarga 54 yoshdan pensiyaga chiqish huquqini beruvchi 20 yillik ish staji tarkibiga kiritilmaydi.
Agar ayol yigirma yillik ish stajiga ega bo‘lmasa, unga 54 yoshdan imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya tayinlanmaydi va u pensiya tayinlashni so‘rab 55 yoshda murojaat etishi mumkin.
Misol uchun, ayol kishi 54 yoshga to‘lib, umumiy ish staji 21 yilni tashkil etdi va fuqaro pensiya tayinlash uchun pensiya jamg‘armasi bo‘limiga murojaat qildi. Ayolning 21 yillik ish staji tarkibiga:
* 4 yil oliy o‘quv yurtida tahsil olgan davri;
* 2 yil bola parvarishlash davri to‘g‘ri kelmoqda.
Ammo ushbu 6 yillik davr 20 yillik ish staji talab qilingan davr tarkibiga kirmaydi va fuqaroning umumiy ish staji (21 yil – 6 yil = 15 yil) imtiyozli pensiya tayinlash uchun asos bo‘lmaydi.
Biroq ayol kishi 55 yoshga yetib, pensiya tayinlash uchun murojaat qilganda, fuqaro ish staji tarkibiga (4 yil) oliy o‘quv yurtida tahsil olgan davri va (2 yil) bola parvarishlash davrlari kiritiladi va unga jami 21 yil ish staji bilan pensiya tayinlanadi.
Shohruh SAYDIYeV,
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi.