60 yoshdan oshib ham to‘g‘ri yo‘lni tanlamagan giyohvandga hukm o‘qildi
R.J. umr bo‘yi qora mehnat qilib, topganini ichkilikka, kayfu safoga sarfladi. Uning bir o‘g‘li chet elga ketib, qizi esa boshqa tumanga turmushga chiqib ketdi, qutuldi. Bir o‘zi qolgan, uning ustiga kasalmand ayolni boqayotgan R.J.ning oyog‘i og‘riy boshlaydi. Shunda giyohvandlik vositasini uyda o‘stirib, iste’mol qilsa, og‘riqlari qolishi haqida eshitgani yodiga tushib, ekish uchun giyohvandlik vositasi hisoblangan “kannabis” o‘simligini qidiradi.
Ko‘p yillar oldin tog‘da yovvoyi holda o‘sgan nasha o‘simligining 6 dona urug‘ini olib, bir kog‘ozga o‘rab, yashash uyining pol qismidagi bir teshikka tiqib, yashirib qo‘yganligi yodiga tushadi va ushbu urug‘larni hovlisining tomorqa qismiga ekib parvarishlay boshlaydi.
2020 yil 15 may kuni soat 13:00 larda Nurota tumani IIB JQB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori-2020” tezkor profilaktika tadbiri davomida uning tomorqasi ko‘zdan kechirilganda, Navoiy viloyati IIB EKBning 2020 yil 16 maydagi 59-sonli ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tarkibida “kannabidiol” giyohvandlik vositasi mavjud bo‘lgan, biologik pishib yetilmagan 5 tup “kannabis” o‘simligini kelgusida iste’mol qilish maqsadida ekib, parvarishlab kelayotgani aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.
2020 yil 6 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudi raisi Z.Ibragimov tomonidan sudlanuvchi R.J. qilmishidan pushaymonligi, oilada yagona boquvchi ekanligi, 60 yoshdan oshganligini inobatga olib, unga jarima jazosi tayinlandi.
X.ASOMOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tumani sudi devonxona mudiri.