7-sinf o‘quvchilarining kasbga moyilligi va qiziqishi diagnostikadan o‘tkaziladi
Bugun AOKA huzuridagi shtabda Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Brifingda kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, xususan yoshlarni mehnat bozoriga va kelgusi hayotga maktabdan tayyorlab borish vazifalari ijrosi yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Joriy yilda umumta’lim maktablarini 450 mingdan ortiq yoshlar bitiradi. Shundan bir qismi oliy ta’lim muassasalari, kollej va texnikumlarga qamrab olingan taqdirda ham 170 mingdan ortiq yoshlarning bandligini ta’minlash vazifasi mavjud.
2020/2021 o‘quv yilidan yoshlarni maktabdan boshlab hayotga tayyorlash va kasbga o‘rgatish masalasiga kompleks yondashuv belgilanmoqda.
Bu jarayon ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi:
👉 joriy qilinayotgan yangi “Tarbiya” fani orqali yoshlarga yuqori maqsadlarga erishish bo‘yicha motivatsiya berish, o‘z ustida doimiy ishlashlari zarur ekanligi targ‘ib etiladi;
👉 ularni qiziqishi va qobiliyati orqali kasbga yo‘naltirish ishlari tashkil etiladi.
Buning uchun:
🔹 7-sinfdan maktab o‘quvchilarining kasbga moyilligi va qiziqishi diagnostikadan o‘tkaziladi;
🔹 8-9-sinf o‘quvchilari darslar davomida zamonaviy, istiqboli bor bo‘lgan kasblar bilan tanishtiriladi va ularni egallash uchun poydevor vazifasini bajaruvchi bilim va ko‘nikmalar shakllantiriladi;
🔹 10-sinfdan boshlab davlat va nodavlat kasbga o‘rgatish markazlari bilan hamkorlikda, an’anaviy kasblar bilan birgalikda zamonaviy, bozorda talab yuqori kasblarga o‘rgatiladi.