70 xil brendli Qo‘qon, chiqitsiz shahar, suv desa sharbat tutuvchi odamlar
Bugun mahalliy turizm rivojlanishi barobarida turli soha xodimlari xorij tajribasini o‘rganayotgan, jurnalistlar ham o‘z navbatida yaqin, uzoq mamlakatlarga xizmat safariga chiqib, ushbu sayohat taassurotlari bilan o‘rtoqlashayotgan bir paytda mamlakatimiz miqyosidagi safarlar tasvirini o‘qish kim uchundir erish tuyular. Ammo ichki turizm rivojida haliyam tarixiy obidalarga boy shaharlarga kelayotgan mehmonlar katta foizni tashkil qilmoqda. Vodiy viloyatlari ham har bir o‘zbekistonlik borib ko‘rishi kerak bo‘lgan marvarid shaharlarimizdan ekanligiga yaqinda "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati xodimlari Farg‘ona vodiysiga sayohatimiz davomida guvoh bo‘ldik.
"O‘TKAN KUNLAR" FILMI SURATGA OLINGAN SAROY
Poyezddan Qo‘qonga tushganimizdanoq kuchli shamolni his qildik. Sal o‘tgach, bu shaharning qadim nomi – Ho‘qand "shamollar shahri" deya tarjima qilinishini bilib oldik.

Nafaqat Farg‘ona viloyati, balki butun vodiyning tarixiy maskani hisoblanmish Qo‘qonning asosiy durdonasi – Xudoyorxon o‘rdasidir. Qizilo‘rdadan Qashqargacha bo‘lgan hududni egallagan Qo‘qon xonligi davrida, xonlikning so‘nggi hukmdori Xudoyorxon tomonidan qurilgan saroy vohaning o‘ziga xos iqlimini hisobga olgan holda 4,5 metr balandlikdagi sun’iy tepalik ustida bunyod etilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, garchi XX asr boshlarida bu maskandan turli maqsadlarda foydalanilgan bo‘lsa-da, saroyning asosiy qismi yaxshi saqlanib qolingan. Umuman, Qo‘qon xonligining nechog‘lik rivoj topganini anglash uchun bu hududda qirqqa yaqin karvonsaroy, 50 ga yaqin madrasa faoliyat ko‘rsatganini bilishning o‘zi kifoya qiladi. Afsuski, ushbu madrasalarning bor-yo‘g‘i ikkitasigina saqlanib qolgan. Xudoyorxon o‘rdasida xonlik haqida ma’lumotlar bilan birga Qo‘qon tarixi aks etgan xonalar ham tashkil etilgan.
Qo‘qon shahri hokimi Ma’rufjon Usmonov samarqandlik jurnalistlar bilan uchrashuv davomida Qo‘qon shahri haqida batafsil ma’lumot berdi.

– Qo‘qonning o‘ziga xos bo‘lgan 70 ga yaqin brendi bor, jumladan, Qo‘qon arava, Qo‘qon holva va hokazo, – deydi M.Usmonov. – 700 dan ortiq hunarmandchilik turlaridan ayni paytda 400 tasi saqlanib qolgan. Qo‘qonda ham Samarqanddagi singari qog‘oz tayyorlangan. Faqat u yerdan farqli ravishda yog‘ochdan emas, mato qiyqimlaridan. Bu qog‘oz sifati bilan emas, ko‘proq chidamliligi bilan ajralib turgan. Yaqinda shahrimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan Xalqaro hunarmandlar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Ayni paytda shahrimizda festivalga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Darvoqe, Xudoyorxon saroyidagi bezaklarda boshqa joylarda uchramaydigan qizil, yashil, malla ranglarni ham uchratish mumkin. Bu ularning qurilish, dizayn masalasida xitoyliklar bilan hamkorlik qilganini tasdiqlab turibdi.
"O‘tkan kunlar" filmi ham aynan Xudoyorxon o‘rdasining xon qabulxonasi qismida suratga olingan ekan.

Shu kunlarda bir guruh jurnalistlarning Ozarbayjonda mediaturda ishtirok etayotganidan xabardor bo‘lib turibmiz. Hamkasblarimizning aytishicha, mashhur "Brilliant qo‘l", "Qaynona" kinofilmlari suratga olingan joylarda shu nomdagi kino qahramonlari surati-yu haykallari joylashgan kafelar tashkil qilingan ekan. Umid qildikki, Qo‘qondagi Xudoyorxon saroyi yonida ham ulug‘ adibimiz, qolaversa, barchamiz sevib tomosha qiladigan film hurmatiga o‘zbekona "O‘tkan kunlar" nomli choyxona ochilsa.
Umuman, Qo‘qon shahrida Samarqanddagi o‘rtacha kattalikdagi tuman miqyosicha, ya’ni 300 ming aholi istiqomat qiladi. Shaharning tarixiyligini hisobga olgan holda infrastrukturasi markaziy shaharlarniki singari ekani bilan bizni hayratga soldi. Shaharda 9 ta mehmonxona, uchta institut, o‘nlab xususiy klinikalar faoliyat ko‘rsatadi. O‘z vokzaliga ega. Aholisi sog‘lom turmush tarziga amal qiladi, shekilli, velosipedda harakatlanuvchi odamlarni ko‘p uchratdik.
Bobosining ishini davom ettirib, Qo‘qon holvasini tayyorlayotgan Abduvohid Turonboyev mashhur holva zamonaviylashayotganini ta’kidlasa, ganchkor usta Islom Karimov hunarmandchilikka qiziqayotgan yoshlar ko‘payganini aytib o‘tdi. Kuzatishimizcha, shahar hokimi aytganiday, hudud brendlarga boy bo‘lsa-da, ammo uning asosiy "yuzi" xushmuomalaligi, shirinso‘zligi, suv so‘rasa, sharbat tutadigan odamlari bo‘lsa ajabmas.
NAMANGAN FIDOYILARI SURATI KATTA KO‘ChADA

Qo‘qondan avtobus bilan Namangan sari yo‘l oldik. Namanganning Chust pichoqlaridan xarid qilgach, vaqtni inobatga olgan holda qisqa muddat shaharni aylandik. Keng, ravon ko‘chalar, turli ranglarda tovlanib, o‘ziga xos dizaynda shakllantirilgan tungi yoritqichlar shaharga zeb berib turibdi. Katta ko‘chalardan birida "Namangan fidoyilari" nomli yirik pannoda, viloyatning faxrli kishilari suratlari joylashtirilgan.
BOBUR BOG‘I – ANDIJON FAXRI

Namangandan chiqib, Andijonning Baliqchi tumanidan boshlab, viloyat markaziga borgunga qadar bir tekisda parvarish qilingan archalar kishi e’tiborini tortadi. Yo‘l bo‘yidagi maydonlarga plyonka ostida allaqachon chigit qadalgan (Umuman, vodiy viloyatlarida ekin-tikin ishlari ancha oldinroq boshlanar ekan). Yo‘l chetida ham gul, daraxt ko‘chatlari sotuvi avjida.

Andijonga sayohat Bobur bog‘idan boshlandi. Bu yerda Zahiriddin Muhammad Bobur haykali va bir siqim xoki keltirilib, ramziy qabri barpo etilgan. Bog‘ atrofi chamanzorga aylantirilgan. Bog‘ o‘rtasidagi attraksionga minganimizda bor-yo‘g‘i shu atrofni aylanib kelamiz, deb o‘ylagandik. Ammo bu osma attraksion naqd ikki kilometr masofadan iborat ekan. Ayni bahor chog‘i qir-adirliklar, gullab turgan daraxtzorlarni tepadan tomosha qilishning zavqi o‘zgacha.

Andijonda ham keng, ravon yo‘llar, mustaqillik yillarida barpo etilgan muhtasham binolar, gipermarketlar savlat bilan shaharga ko‘rk berib teribdi. Nafaqat Andijon, balki Namangan, Farg‘onada ham gipermarketlar, restoranlar atrofida tadbirkorlar tomonidan o‘ziga xos uslubda, xiyobonday bir hudud tashkil etilgan. Misol uchun, Namanganda restoran yonida kechasi yog‘du taratib turuvchi ulkan Eyfel minorasi qad rostlagan bo‘lsa, Andijondagi mashhur gipermarketlardan biri yonida yoshu qari suratga tushayotgan yurak shaklidagi yo‘lak, musiqali favvora barpo etilgan. Bunday ko‘rkam manzara do‘kon atrofi doim odamlar bilan gavjumligini ta’minlab turibdi.
ULUG‘VOR, KO‘P MARKAZLI ShAHAR
Farg‘ona shahrida bizni O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Muhammadjon Obidov va bir guruh hamkasblarimiz kutib oldi. Farg‘ona va Marg‘ilon shahriga qilgan sayohatimizga Muhammadjon aka hamroh bo‘ldi va yo‘l-yo‘lakay nafaqat vodiylik jurnalistlar faoliyati, balki Farg‘ona va Marg‘ilon shahri, uning o‘tmishiyu hozirgi ko‘rinishi haqidagi keng ma’lumotlar bilan bizni yo‘l davomida tanishtirib bordi.

Yo‘lboshlovchi bo‘lsa, shunday bo‘lsa, birorta savoling javobsiz qolmasa, deya bu viloyatdagi sayohatdan shunday taassurotlar oldik: Farg‘ona viloyatning zamonaviy ma’muriy markazi bo‘lsa, Marg‘ilon hunarmandchilikni namoyon etuvchi qadimiy shahar. Shuning uchun Farg‘ona ko‘zimizga keng xiyobonlariyu zamonaviy dizayndagi binolari bilan yanada ulug‘vor ko‘rindi. Keng ko‘chalaru yo‘laklardan so‘ng yashil yo‘lak va undan keyingina qad rostlagan binolar, xullas, shaharsozlikning barcha qoidalari manaman deb ko‘zga tashlanib turibdi. Xiyobonlardan biridan o‘tganimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov va rafiqasi Tatyana Karimova yoshligida uchrashgan kafe – "Pingvin" hamon faoliyat ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘ldik.

IJOD MAKTABI
Marg‘ilonda ko‘rganlarimiz hammasi – kamalak tusli adraslaru ularning ustaxonalarda to‘qilishi, Burhoniddin Marg‘inoniyning butun dunyoga mashhur "Al-hidoya" asari hurmati uchun o‘rnatilgan ulkan kitob yodgorligi bir tomon-u, shaharda qisqa muddatda barpo etilgan "Ijodkorlar bog‘i"dan olgan taassurotlarimiz bir olam bo‘ldi. Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi binosi, Erkin Vohidov nomli ijod maktabi, shu nomdagi muzey joylashgan bog‘ qadimshunoslar yer ostidan osori atiqa topgandagi hayrati kabi hayajonga soldi bizni.

Avvalo ushbu boqqa kirishingiz bilanoq atoqli shoirlarimizning she’rlari radio orqali yangrab turishi kishiga xush yoqadi, ijodkorlar bog‘iga o‘zgacha ruh bag‘ishlab turibdi.

Maktabni aylanarkanmiz, kimdir Erkin Vohidov nomli muzeydagi 400 ga yaqin eksponatlaridan, yana birov ijod maktabining ijodiy muhiti, yana bir xodimimiz ulkan bog‘ning toza havosi, ajoyib tabiatidan zavqlana-zavqlana, O‘zbekiston Qahramoni, buyuk shoir Erkin Vohidov haykali poyida xayol og‘ushida qoldi.

VODIYDAGI OZODALIKDAN O‘RNAK OLSA ARZIYDI
Farg‘onadan yana Qo‘qon temiryo‘l vokzali sari yo‘l oldik. Ayollar xarid qilgan adrasu atlaslariga mahliyo, yigitlar Chust pichog‘iyu Rishton kulolchilik mahsulotlariga egalik qilganidan xotirjam, ko‘rganlarini hayajon bilan xotirlayotgan jamoa…

Ammo hammamizni hayratga solgan umumiy jihatlar ham bor edi: vodiy odamlarining xushmuomalasi. Shuningdek, vodiy ko‘chalarida chiqindi ko‘rmadik, desak ishonmassiz.

Ammo hatto bozorlari ham shunchalik ozodaki, ko‘rib hayron qolasiz. Kimdir bu yerda obodonlashtirish boshqarmasi yaxshi ishlarkan, deya luqma tashlagandi, farg‘onaliklar miyig‘ida kulib qo‘ya qoldi. Bu tabassum ortida "Odamlar ko‘chasiyu hovlisini, atrofini ozoda tutishga ko‘nikkan, ko‘chaga chiqindi tashlamaslik oilada shakllangan", degan fikrni uqdik. So‘rab-surishtirsak haqiqatan ham shunday ekan.
Qo‘qon bizni yana shamollari bilan kutib oldi. Poyezdga chiqib, Toshkent sari yo‘l oldik. Yirik loyiha – Qamchiq dovoni, tog‘lar bag‘rida 19 kilometrli poyezd yo‘lini, qolaversa, dovon go‘zalligini qorong‘i tushib qolgani uchun ko‘ra olmaganimiz alam qildi. Ammo yo‘l-yo‘lakay o‘ylashga arzirli xayollarimiz ko‘p edi.
Deylik, nega Samarqanddagi Urgut yoki boshqa shunday tarixiy hududni Qo‘qon, mayli Marg‘ilon kabi markazga aylantirish mumkin emas. Axir ushbu tuman nafaqat hunarmandchiligi, uch ming yillik tarixi bilan ham faxrlansa arziydigan hamda sayyohlarga namoyish etadigan maskanlarining ko‘pligi bilan mashhurku. Yoki shahrimiz ko‘chalarida Namangandagi kabi Samarqand fidoyilari nomli yirik banner o‘rnatish ham mumkinku. Cho‘ponota tepaliklari, tarixiy hudud bo‘ylab dor yo‘li attraksioni Samarqandda ham tashkil etilsa qaniydi?!
Vodiy viloyatlarida yana arzonchilik e’tiborimizni tortdi. Bozorni qo‘ya turaylik, oshxonadagi taomlar narxlari ham hamyonbop. Misol uchun, Andijonda qiyma kaboblar narxi 3 ming so‘mdan boshlanadi. Yetti ming so‘mga bir kosa lag‘mon yoki bir tovoqcha oshni olib, bemalol qorin to‘ydirish mumkin. Go‘shtning narxi 32 ming so‘mdan 38 ming so‘mgacha. Kiyim-kechaklar ham bir necha baravarga arzonligi bilan xaridorlarga manzur.
To‘g‘ri, vodiy viloyatida odamlari bilan suhbatlashsangiz, "Samarqandga yetolmaymiz-a", deya lutf qilishdi. Ammo vodiyning marvarid shaharlarining o‘z brendlari va nafaqat tomosha qilishga, balki o‘rganishga arzigulik jihatlari ko‘pligiga guvoh bo‘ldik.
Gulruh MO‘MINOVA, "Zarafshon" muxbiri.
Samarqand – Qo‘qon – Namangan – Andijon – Farg‘ona – Samarqand.