8 yanvar - Prokuratura organlari xodimlari kuni: Tadbirkorlar huquqi prokuratura himoyasida

Amir Temurning «Tajribamdan ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir», degan so‘zlari hamma zamonlarda ham bir xil qimmatga ega bo‘lgan. Ajdodlarimiz tadbirkorni jamiyatning eng ilg‘or, tadbirli, ishning ko‘zini biluvchi, dono va komil a’zolari sifatida bilib, qadrlab kelganlari bejiz emas.

Bugun ham mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Shunga mos qonunchilik, huquqiy asos yaratilmoqda. Mazkur qonunlar ijrosini ta’minlash, tadbirkorlik sub’yektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Jumladan, Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati boshqarmasida haftaning dushanba kuni muntazam o‘tkaziladigan tadbirkorlar qabulida viloyat prokurori ham ishtirok etib, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida uchrayotgan muammolarga yechim topishga yordam bermoqda. Shuningdek, tuman va shahar prokuraturalari tomonidan 2022 yilda joylarda 470 ta sayyor uchrashuv o‘tkazilib, 3130 ta murojaat joyida hal qilindi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida tadbirkorlarning 723 nafariga kredit olishda, 38 nafariga 43,9 gektar yer maydoni berishda, 30 nafariga bino ajratishda yordam berildi. Bundan tashqari, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, litsenziya va ruxsatnoma rasmiylashtirish masalalari bilan bog‘liq murojaatlar ijobiy hal etildi.

Amalga oshirilgan tadbirlar va tushuntirish ishlari natijasida prokurorlar ko‘magida 1307 ta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilib, 1094 tasining faoliyati qayta tiklandi va 1770 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ta’minlandi.

Misol uchun, Jomboy tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi «Anisa Fayz» MChJ parrandachilikni rivojlantirish faoliyatida aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 1 milliard 300 million so‘m, Ishtixon tumanidagi «Alpomish sara toshlari" MChJga beton va temirbeton plita mahsulotlarini ishlab chiqarish uskunalari xarid qilish uchun 3 milliard 500 million so‘m kredit ajratishda yordam berildi.

Viloyat prokurorining sohaviy o‘rinbosari tomonidan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan loyiha tashabbuskorlari, eksportyor korxona rahbarlari va boshqa tadbirkorlik sub’yektlari vakillari bilan joyiga chiqqan holda uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning muammo va takliflari o‘rganildi.

Jumladan, "Urgut" erkin iqtisodiy zonada faoliyat olib boruvchi "URG-TAJ" MChJ rahbari F.Ahmadjonov tomonidan soliq qarzdorligi to‘liq to‘langan bo‘lsa-da, Majburiy ijro byurosi Urgut tumani bo‘limi tomonidan jamiyat hisob-raqamiga solingan band yechilmayotganligidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqildi va tadbirkorning huquqi tiklandi.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tadbirkorlarning huquqlari buzilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlanib, bu kamchiliklar bartaraf etildi. Jumladan, "Kattaqo‘rg‘on naslli chorva" MChJ rahbari M.Hamdamovning 2022 yil 11 yanvardagi "Qoradaryo" elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan noqonuniy qarzdorlik hisoblanganligi haqidagi murojaati Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqilib, asossiz qarzdorlik olib tashlandi.

O‘tgan yil viloyatimiz tadbirkorlari tomonidan 380,1 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilishi, 244,0 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishida ham prokuratura organlarining munosib hissasi bor.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi bu kabi ishlar joriy yilda ham davom etadi.

Xondamir Mardiyev,
Samarqand viloyat prokurorining katta yordamchisi.