8 mart kuni ayol kishining ikki avtomobili yoqib yuborilgani yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi (video)

Internet tarmog‘ida tarqagan ikkita yonayotgan avtomobillar aks etgan videyozuv tarqaldi.

Poytaxt IIBB ushbu holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 8 mart kuni taxminan soat 05.30 da Mirobod tumani, Shahrisabz ko‘chasida 36 yoshli Kamila I.ga tegishli «Mercedes-Benz GLS300» va «BMW X5» avtomobillariga qasddan o‘t qo‘yilgan. Zarar miqdori taxminan 225 000 AQSh dollarini tashkil etdi.

Hozirgi vaqtda tergov olib borilmoqda, hodisa tafsilotlari o‘rganilib, o‘t qo‘ygan kishining shaxsini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda, jabrlanuvchi va guvohlar so‘roq qilinmoqda.

Ushbu fakt bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 173-moddasi ikkinchi qismi “v” bandiga (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) muvofiq jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, bu kabi holatlarda qonunchilik tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish ko‘rinishidagi jazolar belgilanishi ko‘zda tutilgan.