8 martda sovg‘a olishni yoqtirmaydigan o‘qituvchi

Bayramda sovg‘a olishni kutmaydigan ayol bo‘lmasa kerak. Ayniqsa, ta’lim tizimining turli bo‘g‘inlarida ishlaydigan xotin-qizlar uchun bu bayram dil izhorlariyu tabriklarga boy kun bo‘ladi.
Lekin buni qarangki, ushbu bayramda o‘quvchilaridan sovg‘a olishga ko‘ngli chopmaydigan soha vakillari ham bor ekan. Ularning ayrimlarining fikri bilan qiziqdik.
Bayramga kutilmagan e’tibor
- 30 yildan buyon maktabda faoliyat olib boraman, - deydi Samarqand shahridagi 61-eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabning matematika fani o‘qituvchisi Hurriyat Benaliyeva. - Alohida ehtiyojga ega bolalar bilan ishlaganim uchun hech qachon ulardan sovg‘a kutmaymiz. Aksincha, sinfda tahsil oladigan qizlarni xursand qilishga intilamiz. Garchi bu bolalar uchun matematikani o‘zlashtirish qiyin bo‘lsa ham fanni yaxshi ko‘rishadi. Bundan bir necha yil oldin o‘quvchilarim imo qilib, keling deb, sinfga tortadi, hayron qoldim. Sinfga kirishim bilan bolalar qarsak chalib, tabriklashdi. Ochig‘i, kutilmagan voqea bo‘ldi. Ularning sinf rahbari bo‘lmasam ham menga bo‘lgan e’tibordan quvondim. Bu dargohga o‘quvchilar sovg‘a ko‘tarib kelmaydi, bunga yo‘l ham qo‘ymaymiz.
Bayram ko‘nglimda yomon iz qoldirgan
- 8 martda bahorning tarovati, go‘zalligini his qilaman. Lekin negadir bayramni unchalik yoqtirmayman. Ehtimol, bolalik xotiralarimni yodga solgani uchundir. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchimizga imkoniyatimizdan kelib chiqqan holda sovg‘a olib borardik. Sovg‘a uchun ommaviy pul yig‘ilmasdi. Ustozimiz bizni doska yoniga bir qator qilib terib qo‘yardi. Shundan so‘ng bitta-bittalab barchamizdan sovg‘alarni olardi. Kimning sovg‘asi yaxshiroq bo‘lsa, olardi, yoqmagan sovg‘ani qaytarib berardi. Sovg‘ani olmasa, bizga juda og‘ir botardi. Sovg‘am o‘zimda qolib ketmasligi uchun bir bayramda uydan onamning chiroyli guldonini olib borganman.
Keyinchalik, yuqori sinfda biologiya fani o‘qituvchisi bizga rahbarlik qildi. U kishi hammamizni teng ko‘rar, bolalarga juda mehribon edi. Hatto uylariga olib borib, bizni mehmon qilardi. Shu o‘qituvchimizning bizga bo‘lgan alohida mehri tufayli o‘zim ham o‘qituvchilik kasbini tanladim.
Tokchadagi gul
- Bu kun xotin-qizlarga har qanday holatda ham bayramona kayfiyat bersa kerak, - deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti o‘qituvchisi Maxsuda Bekmuradova. – Sababi, bahor havosi, tabiat uyg‘onishi, atrofdagi iforlar – hammasi kishiga o‘zgacha zavq, kayfiyat beradi. Shuning uchun bolaligimizdan onamizni, opa-singlimizni tabriklashdan xursand bo‘lganmiz. Faqatgina shu bayramda sovg‘a olayotgan odam emas, uni tortiq qilayotgan kishining ham kayfiyati o‘zgacha bo‘ladi, nazarimda.
Yillar o‘tib, ulg‘ayib, o‘zim ham muallima bo‘ldim. To‘g‘risi, bayramda talabalardan sovg‘a kutmayman. Bu bayramda faqat yaqin kishilaringdan sovg‘a olish lozim, degan fikrdaman.
Munisa ShAMSIYeVA.