Samarqandda o‘tgan to‘qqiz oyda 83 kilogrammdan ortiq giyohvand moddalari daliliy ashyo tariqasida olingan
Bu haqda yaqinda o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish oltinchi sessiyasida viloyat IIB boshlig‘i Sh.Rahmonov axborot bergan.
Axborotda qayd etilishicha, viloyatda huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish maqsadida aholining eng muhim muammolarini hal qilish orqali ularning ishonchini oqlash hamda mavjud kuch va imkoniyatlaridan samarali foydalanilgani natijasida bir qator jinoyatlarning kamayishiga erishilgan.
Xususan, og‘ir turdagi jinoyatlar 142 taga (441-299) yoki 32,2 foizga, o‘ta og‘ir turdagi 19 taga (168-149) yoki 11,31 foizga kamaygan.
Joriy yilning 9 oyi mobaynida hamda keyingi yillarda barcha turdagi ochilmagan jinoyatlarni fosh etish borasida amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida jami sodir etilgan jinoyatlarning 97,7 foizi, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlarning 96,3 foizi o‘z vaqtida fosh etilgan.
Viloyat hududida jinoyat sodir etib, sud va tergov idoralaridan yashiringan qidiruvdagi shaxslarning 254 nafari ushlanib, jazo muqarrarligi ta’minlangan.
Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish borasida 315 ta jinoiy holatlar aniqlanib, 83 kilogrammdan ortiq giyohvand moddalari daliliy ashyo tariqasida olingan.
Yo.GADOYEV.