85 yoshni qarshilagan ikki faxriy jurnalistni yo‘qlab...

Kecha o‘z tavallud ayyomini nishonlagan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Obloqul Usmonqulov hamda umrining yarmini gazetachilikka bag‘ishlagan Jamila Husainovani yo‘qladik.

Dastlab, Samarqand shahrida yashovchi “Zarafshon” gazetasida harf teruvchi, musahhih sifatida ishlagan Jamila Husainova xonadonida bo‘ldik.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist F.Toshev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi A.Haydarov, “Zarafshon” gazetasi mas’ul kotibi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi A.Sherxolov ustoz bilan dildan suhbatlashdi.

Suhbat davomida o‘sha paytdagi ish jarayoni bilan bog‘liq qiziqarli voqelar esga olindi. Gazetachilikning mashaqqati va zavqli ekani aytib o‘tildi.

Onaxon qo‘llarini duoga ochib, yurtimiz tinchligi, bugungi dorilamon kunimizga ko‘z tegmasin, jurnalistika ravnaq topib borayotgan bugungi jamiyatda ijodkorlar uchun berilayotgan imkoniyatlar va ishonchlar ortib boraversin, dedi.

Shirin suhbat yakunida ustoz ijodkorni kasb bayrami arafasida tahririyatga taklif etishimizni bildirdik.

Keyingi manzilimiz Samarqand shahridan chiqaverishdagi so‘lim maskanda tashkil etilgan yubiley tadbiri bo‘ldi. Tadbir sababchisi - ustoz ijodkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “El-yurt hurmati” ordeni va “I darajali mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi Obloqul Usmonqulov.

Bu maskanda ustozning shogirdlari, keng jamoatchilik vakillari, yaqinlari jam bo‘ldi.

O‘zbekiston nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi raisining tabrigi hamda viloyat hokimligining tabriklari o‘qib eshittirildi. Taklif etilgan mehmonlar ustozning gazetachilik hamda radiodagi faoliyati davomida qilgan ezgu ishlarini birma-bir sanadilar.

Tabrik davomida viloyat teleradiokompaniyasida “Nuroniy” studiyasining tashabbuskori bo‘lganligi esga olindi va bu ish davom etishi, keksa nuroniylar to‘g‘risida maxsus ko‘rsatuv tashkil etilishi taklifi bildirildi.

Obloqul boboning keksayib qoldim demasdan ayni kunda viloyat “Kitobsevarlar” jamiyati rahbari sifatida faol bo‘lib kelishi ham alohida e’tirof etildi.

Husan Eltoyev.