“Abdul” emas, Abdulloh, deng

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘zim tushib qoldi – bir kishi yangi tug‘ilgan bolasiga “Yangi O‘zbekiston” deb ism qo‘yishga ruxsat berishmayotgani uchun janjallashibdi. “Farzand meniki, nima ismni ravo ko‘rsam shu bo‘ladi” deb do‘q uryapti.
Ism qo‘yish ota-onaning o‘z farzandi oldidagi birinchi majburiyatlaridan hisoblanadi. Buni ko‘pchilik yaxshi anglaydi va bolasiga ma’no-mazmunli nom tanlaydi. Yoki oilaviy qadriyatlari, shajarasidan kelib chiqib, ism qo‘yadi. Yana kimlardir mashhur kishilarga, el o‘rtasidagi hurmatli insonlarga havas qilib, farzandiga ular nomini beradi. Buni ham to‘g‘ri tushunish kerak.
Ammo, ba’zan ayrim ota-onalar o‘z shaxsiy qiziqishlari, xobbilari asosida qo‘shiqchilar, kinoqahramonlar yoki futbolchilar ismini bolasiga qo‘yadi. Bu ism o‘z tili, millati, xalqi turmush tarziga mos bo‘lsa yaxshi, aksincha bo‘lsa-chi?
Xo‘sh, Jumong, Tayson, Messi, Maradona degan ismlarning mazmunini bilasizmi? Siz shu “qahramon”larga havas qilib bolangizni ular nomini qo‘yibsiz, mayli. Ertaga bolangiz ulg‘ayib, ismidan uyalmaydimi? Buni to‘g‘ri qabul qiladimi?
FHDYo bo‘limlari xodimlari ham nima qilsin, ota-ona shu ismni ravo ko‘rsa, ularning qo‘lidan nima keladi. To‘g‘ri maslahat, tavsiya berar, ammo buni “qaysar” ota-ona qabul qiladimi?
Yana bir gap. Farzandga yaxshi ism qo‘yganingizdan keyin uni chala-yarim qilmay, to‘liq va go‘zal talaffuz qilish lozim. Afsus, ba’zi oilalarda ismni qisqartirib chaqirishadi. Ya’ni, Abdurahmonni “Abdi”, Abdullohni “Abdul” deyishadi. Bu avvalo, ism egasiga nisabatan, qolaversa, ulug‘ nomlarga hurmatsizlik emasmi?
Husniddin Xoldorov.