Abdul-Mo‘min Sattoriy kim bo‘lgan?

O‘tgan asrning 20-yillarida Respublika poytaxti maqomiga ega bo‘lgan Samarqand o‘zining qaynoq adabiy muhitida ko‘plab ilm-fan, ijod kishilarini birlashtirgan, yosh iste’dodlarni kashf etgandi. Shu davrda mashhur ijod ahli bilan birga, endigina ilm, ijod olamiga kirib kelayotgan iqtidorli yoshlar ham ko‘pchilikni tashkil etgan. Ularning aksariyati ulug‘lar soyasida qolgan yoki umumiy qatag‘on qurboniga aylangach, nomlari deyarli unutilgan.

Ular orasida ustoz va do‘stlarining e’tibori va hurmatini qozongan Abdul-Mo‘min Sattoriy og‘ir xastalik tufayli bevaqt vafot etgan edi.

Zamonasining iste’dodli ijodkorlaridan bo‘lgan Abdul–Mo‘min Sattoriy nomi faqat “Samariya” asari tarjimoni sifatida eslanadi. Zero, Sattoriy tomonidan fors tilidan o‘zbekchaga o‘girilgan ushbu asar uning nomini tarix sahifasiga muhrlagan edi.

“Samariya” 1844-1848 yillar oralig‘ida samarqandlik muftiy Abu Tohirxoja tomonidan yozilgan. Tarixiy jihatdan katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan bu asar “Samarqand shahrining bino qilinishi bu ot [Самарқанд] deb atalishining sababi havosining xosiyati, yerining tuzilishi, tog‘lari, g‘orlari, buloqlari, masjid va madrasalari, qabr va mozorlari alomatlarini belgilash bayonida” ekanligini Sadriddin Ayniy asarning so‘zboshisida ta’kidlab o‘tadi.

Bu qimmatli asarni 1921 yil Abdul-Mo‘min Sattoriy fors tilidan o‘zbekchaga tarjima qiladi va bir qismini “Inqilob” jurnalida chop ettiradi. Lekin manbaning qolgan qismi tarjimonning bevaqt vafoti bois nashr etilmay, musavvada (qo‘lyozma) holida qoladi. O‘zbekiston Maorif komissarligining ilmiy markaz qo‘mitasi bu asarni kitob holida chop etish masalasini Sadriddin Ayniyga topshiradi. Ustoz Ayniy tarjimon foydalangan nusxa bilan qo‘lida bo‘lgan boshqa nusxani qiyoslab tekshirib, tarjima matnini qayta ishlaydi.

“Sattoriy tomonidan qo‘shilg‘on ma’lumotlarni o‘z imzosi bilan hoshiyag‘a ko‘churdim. Sattoriy tarjumasida bo‘lub, menim qo‘lumdag‘i «Samariya»da bo‘lmag‘on. Lekin «Samariya»ning boshqa biron nusxasidan oling‘oni bilinub turg‘on ma’lumotlarni ikki yoy chizg‘isi (xatti qavsayn) arosida olib, o‘z yerida qoldurdim. Kitobning asl mafhumini onglatishga zarar kelturmayturg‘on yerlarda Sattoriy uslubidan bir namuna bo‘lsun, deb oning ta’birlarini buzmadim... Bu ishlarning natijasida kitobning asliga ko‘ra, ellik foyizga yaqin bir narsa hoshiyada yozildi”- deb izoh beradi Sadriddin Ayniy.

Sattoriy amalga oshirgan, ustoz Ayniy tahrir va qo‘shimchalar kiritgan ushbu manba kitob shakliga keltirilib, asar sifatida saqlab qolingani muhim, albatta.

Abdul-Mo‘min Sattoriy tarjimai holi, faoliyatini o‘rganish maqsadida olib borgan surishtiruvlar afsuski, natija bermadi. Shunday bo‘lsa ham bu yosh iqtidor sohibining bir nechta she’rlari Vadud Mahmudning shaxsiy arxivida saqlanib qolgani ma’lum bo‘ldi. Chiroyli husnixatda, tartib bilan yozilgan yetti sahifadan iborat qo‘lyozma matni muallif dastxati ekan. Bunga Vadud Mahmud tomonidan birinchi sahifadagi “Umidsizlik” nomli she’rning yuqori qismida “Dastxati Abdul-Mo‘min Sattori(y)” shaklidagi yozuv bilan aniqlik kiritilgan. Bu matnlarning ikkitasi nasriy shaklda, qolgan besh sahifasi nazmda bitilgan.

Ma’lumki, Vadud Mahmud o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan tanqidchilaridan edi. Shu sababli Abdul-Mo‘min Sattoriy she’rlaridan bir nechtasini unga tahrir uchun yoki uning fikrini bilish maqsadida bergan deb taxmin qilish mumkin. Negaki, ba’zi she’r matnlarida bir so‘z ustidan o‘chirilib, boshqa rangdagi siyoh bilan tuzatishlar kiritilgani kuzatiladi. Og‘ir xastalik sabab navqiron yoshda olamdan o‘tgan Sattoriyning saqlanib qolgan she’rlari “Umidsizlik”, “Laylat ul-qadr”, “Farg‘onada ochliq”, “O‘y”, “Tush”, “Tog‘dagi bulutlar” singari nomlar bilan alohida sahifalarda yozilgan. Nomidan anglashilganidek, mavjud she’rlarida o‘zining ichki his-tuyg‘ulari, kasalligi bois umidsizlik kayfiyati va o‘sha davr jadid ijodkorlariga xos bo‘lgan Vatan taqdiridan bezovtalik, xalq boshidan kechayotgan og‘ir ijtimoiy-siyosiy voqealarga munosabati aks etgan. 

Zebo XURRAMOVA,

SamDChTI o‘qituvchisi.

Quyida Abdul-Mo‘’min Sattoriyning bir nechta she’rlarini hukmingizga havola etamiz.

Umidsizlik
Ne deyayin – qo‘limda kuch qolmadi,
Ko‘zim nuri to‘kilibdur, ketmishdur.
So‘ngaklarim butunlay ishdan chiqqon,
Yuragim-da tebranishdan qolmishdur.
Tomurlarim qonlarimni bo‘shatg‘on,
Oyoqlarim yurumoqdin qolmishdur.
O‘ylav bilan tushunmadik narsalar
Bu miyamda sig‘mas bo‘lub qolmishdur.
Damim olib tik turmoqqa tirishsam
Oyoqlarim, qo‘lim qotib qolmishdur.
Oh! Ko‘zlarim qaroqiya yosh aylandi
Umidlarim uzuldi-da qochmishdur.
Ora-chora bilmam qanday bir narsa,
Miyam bilan ko‘zlarimni jalb etar.
Lekin uning ne ekanin bilmadim
Onglamayin tong qolib o‘lub ketdim.

Laylat ul-qadr
Qaro qoshli oppoq yuzli bir malak,
Ko‘zlarining nuri, qarashlari bilan
Oppoq kiyimga o‘ralib
Oq bulutlar orasidan Oy sori
Yulduzlarni bir-bir bosib ketadur.
Qanotlari viqor bilan, savlat bilan ochilg‘on,
Qiliqlari jonim uzar ko‘klamdayin.
Alangalik nozik hislar tug‘durar
Nur chashmasi bo‘lg‘on ko‘kragiga,
Qizil gul o‘rnida qizil yulduz toqqon
Nur daryosi manbai, etagidaman,
Har tomon yerga qarab oppoq yo‘llar chizilg‘on.
Oydinliq – husni ilohi, borcha Xudo
Tiz cho‘kkan unga qorshi, ta’zimda.
Men-da oriq, titrak qo‘llarimni uzatib
Hasratlik va umidlik ko‘zim bilan
Ta’qib etar edim yo‘lini.
Qamashadi ko‘zlarim.
Etagini ushlamakka ung‘urdim,
Tun, qorong‘uluq meni yetishmakka qo‘ymaydur!
Uzayib ketgan etagini
Ushlay-ushlay deganda
Oraliqda hayron qoldim muallaq.

Tush
(O‘rtoq A.In’om o‘g‘lig‘a)
Bulut qopladi yoruq dunyoni
Qorong‘u bosdi yer birla ko‘kni.
Qulduromi qoqib choqin choqmoqda,
Dahshat qorong‘uliq qilich otmoqda!
Yolqunlanish bu qilichdan emdi,
Chiqqan olov-da miltiqdan endi.
Alanga bilan yolqun ostida
Boshlar tushardi qonlar ichiga.
Uzoqdan kelur gum-gum tovushlar
Hech eshitilmagan kuchlik shovqunlar...
Titradim, yuragim ura boshladi
Ko‘zim qaroqdi... yiqilayozdim.
Shul choq yiroqda oydinlik ko‘rdim,
Yaxshi ish bilan to‘g‘ri yo‘l sezdim.
Birdan bir tovush tuyuqsun shovqun
Meni shoshirdi ketdim o‘zimdan...
.......................................................
Bilmadim qachon uyg‘ong‘onman
Qorong‘uluqdan oyrilg‘onimni...!

Farg‘onada ochliq
Yesir xotun, o‘ksuz ikki-uch bola,
Yurti qolg‘on qayerlarda, kimsasiz
Devor tagi bir burchakda ko‘chada
Bir-biriga o‘ralib o‘lturublar.
Holsizlang‘on ikki bola cho‘zulgan,
Birisini ona qo‘lida tutqan.
O‘tgan-ketgan kishilarga ko‘rsatib
Xudoi xayr bersun hoy yaxshilar, deb
O‘lturubdur yurishga kuch qolmag‘on
Chunki endi besh kundur hech yemagan.
Ko‘z yoshlari cho‘kkan chog‘i ustidan
Ancha oqqon endi kelmas, uzulgan.
Avvaldagi yuvub taralg‘an sochlar
Ancha kundur esga kelmay qolg‘onlar.
Avvaldagi ozodaliq, tozaliq
Nozukkina muomala, ko‘rkumlik
O‘z o‘rnini do‘qqiliq, chirkinlikka
Tashlab ketgan yomonliqqa, xo‘rliqqa.
Qancha bo‘lar bu gunohsiz yuraklar
Fig‘on chekib ohu vohda yashalar,
Tinglaydurg‘on odam qolmamish, chunki
Oro yo‘lda qolg‘on emas bir kishi.
Butun qishloq, butun shahar, mamlakat
Ochluq aro ingrab o‘lub yotadur.
Yemakka hech bir narsa yo‘q, unmagan
Bug‘doy ham yo‘q, arpa ham yo‘q, o‘smagan.
Ochliq shuncha yomonlashib ketdiki,
Ko‘b onalar bolasin tashlab ketdi.
Otalar-chi, xotun-bolalarini
Qachonlardur qo‘yub ketib yo‘qoldi.
Borcha o‘ksuz qolg‘on bolalar,
Borliq yesir qolg‘on xotunlar.
Butun xarob bo‘lg‘an qishloqlar,
Chappa ochliq aro qolg‘on insonlar.
Qo‘llarini bizlar sori ko‘targan,
Ko‘ngli bilan xudosig‘a sig‘ing‘an,
Bizdan ingrab ko‘mak so‘rab yotadur.
A, tangrisidan rahmat so‘raydur.
Orqadoshlar, og‘aynilar, o‘rtoqlar
Bizga tomon suzulg‘ondur pok qo‘llar,
Yordamlashing chunki sizdan so‘raydur
Hamiyat ham sizdan shuni istaydur!

         Abdul-Mo‘min SATTORIY.