Fuqaroning 43 million so‘m mablag‘i qaytarildi

Raqobat qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan fuqaro M.O‘rinovning uy-joy bo‘yicha yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqildi.

Murojaatda fuqaro uy-joy sotib olish uchun “Elegant new diamond construction” MChJ bilan shartnoma imzolagani, unga ko‘ra boshlang‘ich badal va tasdiqlangan to‘lovga asosan pul mablag‘larini to‘laganligini bildirgan. Bugungi kundagi holat shartnoma shartlariga muvofiq emasligi oqibatida fuqaro shartnomani bekor qilish to‘g‘risida “Elegant new diamond construction” MChJga murojaat qilgan, ammo murojaat e’tiborsiz qoldirilganligi sababli mazkur MChJ bilan tuzilgan shartnomani bekor qilib, o‘tkazgan mablag‘ini qaytarib olish yuzasidan amaliy yordam berish so‘ralgan.

O‘rganish ishlari natijasida, hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan mavjud holat to‘liq tahlil qilinib, fuqaroning ko‘p qavatli uy xarid qilish uchun tuzilgan shartnomalari bekor qilindi hamda  “Elegant new diamond construction” MChJga to‘langan jami 43 million so‘m pul mablag‘i fuqaroga  MChJ tomonidan qaytarilishi ta’minlandi.

Sherzod Salohiddinov,

Raqobat qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi.