Abdurahmon Jevachi - ozodlik kurashchisi
Mustaqillik xalqimizga beqiyos imkoniyatlarni berdi, o‘zligimizni tanidik, ulug‘ millat ekanligimizni dunyo tan oldi. Shukurki, bugun erkin va ozod hayot kechiryapmiz, turmushimiz farovon.
Ammo bunday tinch va osoyishta hayotga osonlik bilan erishilmadi. Ajdodlarimiz asrlar davomida orzu qilgan bu dorilamon kunlar uchun xalqimiz va millatimizning minglab asl farzandlari jonini fido qildi, ozodlik uchun kurashdilar.
Ana shunday millat ozodligi uchun kurashgan, 1916 yildagi Jizzax qo‘zg‘oloni yalovbardorlaridan biri Abdurahmon Jevachi (Abdujabbor o‘g‘li) edi.
Jizzax viloyati Forish tumani, Ko‘hnabozor qishlog‘idagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan xotira tadbirida erk va ozodlik kurashchisi Abdurahmon Jevachining mard o‘g‘lonlarga bosh bo‘lib, yovga qarshi mardonavor kurashganligi haqida so‘z yuritildi.
- Nazirxo‘ja Eshon, Muhammad Rahim, Abdurahmon Jevachi yetakchiligida boshlangan “Bog‘don volosti qo‘zg‘oloni” xalqimizning zo‘ravonlik, zulm va mutelikka qarshi isyoni edi, - deydi mehnat faxriysi, tarixchi Ayyub Jumhurov. – Bu isyon mustamlakachilar tomonidan shafqatsiz bostirilgan bo‘lsa-da, milliy ozodlik harakatining ilk ko‘rinishlari edi. Uning tarixiy ahamiyati shundaki, u ezilgan xalqning erk va ozodligi, haq-huquqi uchun mardonavor kurashchilarni maydonga chiqardi. Jafokash elning ongu tafakkurida mustamlakachilik va zulmga qarshi birlashib kurashish orqaligina ozodlikka erishish mumkinligi haqida umid va ishonch uyg‘otdi.
Sobiq ittifoq davrida bu isyon din peshvolarining qutqusi bilan ro‘y bergan reaksion qo‘zg‘olon, deb noto‘g‘ri talqin qilindi. Aslida qo‘zg‘olonning boshida xalqni ozod va mustaqil ko‘rishni orzu qilgan elning mard o‘g‘lonlari turdilar. Ulardan biri Abdurahmon Jevachi edi.
Shukurki, bugun Vatan hurriyati yo‘lida bosqinchilarga qarshi chiqqan ozodlik harakati a’zolarining hayot yo‘li mustaqilligimizning dastlabki kunlaridan boshlab qayta tiklana boshlandi. Bunday ezgu ishlar bugun ham davom etib, forishlik ijodkor pedagog Anvar Javlonov Jevachi haqida tarixiy haqiqatni ro‘yobga chiqardi. Uning bugungi avlodlari bilan suhbatlashib, ularning xotiralarini yozib, tarixiy ma’lumotlarni qayta o‘rganib, «Tog‘ burguti» nomli qissani o‘quvchilar hukmiga havola etdi. O‘zim esa Abdurahmon Abdujabbor o‘g‘li boshchiligidagi milliy-ozodlik harakati tarixini aniq faktlar asosida yoritishni maqsad qilib, “Yurtni sevmoq saodati” asarimni chop ettirdim.
Tadbir davomida Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev, taniqli tadbirkor, mehnat faxriysi Jumaniyoz Alibekov, forishlik ziyolilar va faollar milliy istiqlol g‘oyasi uchun kurashgan ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganish, yoshlarimizning bugungi tinch va erkin hayotning qadriga yetib yashashi lozimligi haqida to‘xtaldilar.
- Bu zamindan yetishib chiqqan insonlar xalqimizning qanday ishlarga qodirligi, millat erki, hurligi uchun jonini fido qilishlari mumkinligini namoyon etdi, - dedi Farmon Toshev. – Afsuski, ma’lum muddat mustamlakachilar tazyiqi ostida ozodlik uchun kurashgan shaxslar bilan bog‘liq voqea-hodisalarni unutdik, ularning harakatlari mazmunini boshqacha talqin qildik. Yaqin tariximizda o‘chmas iz qoldirgan yurtdoshlarimiz taqdiriga oid ma’lumotlar arxiv papkalarida, muzeylarda ochiqlanmasdan qolib ketdi. Hozir esa Abdurahmon Jevachi kabi yurt qahramonlarining haqiqati ro‘yobga chiqyapti.
Bugungi tadbirda ishtirok etib, bildikki, odamlarning o‘z tarixi, o‘tmishi, ajdodlari bajargan ezgu amallar, ota-bobolari qanday fazilatlarga ega bo‘lganliklari haqida bilishni istaydi, ishtiyoqi yuqori. Buni ularning tashabbusi bilan Ko‘hnabozor qishlog‘ining markaziy ko‘chasiga Abdurahmon Jevachi nomi berilganidan ham bilish mumkin. Qo‘zg‘olon bahonasida forishlik minglab odamlar qatl etilgani, yuzlab xonadonlar yoqib yuborilganligini hali odamlar unutmagan.
Jevachining nabirasi Rahmon Sarabekov, u kishining farzandlari, qolaversa, ko‘hnabozorliklarning bu kabi tadbirlarni tashkil etib, ziyoli, yurtsevar bobosining xotirasini tiklash, tarixiy haqiqatni ochiqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari xalqimizga ibrat namunasidir.
Tadbir yakunida ishtirokchilar qishloq qabristonida bo‘lib, Abdurahmon Jevachi xotirasi uchun o‘rnatilgan yodgorlik majmuasini ziyorat qildilar. Forishlik otaxonlar millat qahramonlari nomini abadiylashtirish harakatida bo‘layotgan olimlar va faollar haqiga duo o‘qidilar.