Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Abituriyentlar uchun qanday yangiliklar bor? Beshta fandan beriladigan test savollarining qanchasi murakkab?

- Bu yilgi test sinovlari ochiq maydonlarda bo‘lib o‘tadimi? Samarqandda test sinovlari qayerlarda o‘tkaziladi?

- Samarqanddagi test sinovlari 5 ta hududda, ochiq maydonlarda bo‘lib o‘tadi. Samarqand shahar Depo ko‘chasidagi «Lokomotiv» futbol stadionida 1200 ta, Sartepa 2-son bolalar va o‘smirlar sport maktabida 1080 ta, Kimyogarlar qo‘rg‘oni «Nurafshon» futbol stadionida 960 ta, Samarqand tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida 960 ta, Jomboy tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida 1200 ta, jami 5400 ta o‘rin hozirlangan.

- Test sinovlariga abituriyentlar o‘zlari bilan nimalarni olib kelishlari kerak?

- Test sinovlarida abituriyentlar o‘zlari bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli hamda ruxsatnoma olib kelishlari talab etiladi.

- Test sinovlarida asosiy fanlardan tushadigan savollarning qanchasi murakkab?

- Testologiyada baholash testlari hamda saralash testlari farqlanadi. Davlat test markazida umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatlash va bilim darajasini baholashning Milliy test tizimi doirasida test sinovlari o‘tkaziladi. Kirish test sinovlarida qabul kvotasi mavjud, ya’ni cheklov bor, shuning uchun test sinovlari variantlari shakllantirilayotganda asosiy fanlardan tushadigan 30 ta savolning 12 tasi oson, 12 tasi o‘rtacha, 6 tasi murakkab shakllaridan foydalaniladi.  

- Qo‘shimcha 3 ta fandan beriladigan savollarda murakkablari bormi yoki o‘rtacha, oson savollardan tuzilganmi?

- Majburiy fanlar blokida beriladigan savollarning barchasi mazkur fanlar bo‘yicha oson savollardan tuziladi.

- Milliy sertifikati bor abituriyentlarga o‘sha fandan 100 ball beriladimi?

- Vazirlar Mahkamasining “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorida 2021/2022 o‘quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta’lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda OTM bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal balga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi joriy etilishi belgilangan.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda sertifikat test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori balning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga berilishi ko‘rsatilgan.

- Joriy yilda abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tishda davlat grantini ustuvorlik sifatida belgilash imkoniyati yaratildi. Bu nima degani?

- Haqiqatan ham, joriy yildan boshlab, to‘lov shartnoma asosida o‘qishga imkoniyati yetmaydigan, faqat grant asosida o‘qishni istovchi abituriyentlarning fikrlari e’tiborga olinib, ro‘yxatdan o‘tishda davlat grantiga ustuvorlikni tanlash imkoniyati yaratildi. Ya’ni, dasturda “Davlat granti” hamda “Davlat granti va to‘lov-kontrakt”ni tanlash bandlari kiritilgan. Abituriyent  bordi-yu “davlat granti”ni tanlasa, avvalo, to‘plagan ball tanlagan yo‘nalishlarining ustuvorligiga qarab, qaysi biriga “grant”ga to‘g‘ri kelsa, o‘sha yo‘nalishga o‘qishga tavsiya qilinadi. Tanlangan yo‘nalishlarning birortasiga ham “grant”ga bali yetmasa, keyingi qadamda kontrakt o‘rinlarida tekshiriladi va natija e’lon qilinadi. “Davlat granti va kontrakt” bandi avvalgi yillardagi kabi tanlangan yo‘nalishlarning ketma-ketligida qaysi birida grant yoki kontraktga to‘g‘ri kelsa o‘sha yo‘nalishda e’lon qilinadi.

- Xotin-qizlar uchun qo‘shimcha davlat granti asosidagi 4 foizlik tavsiyanoma kimlarga beriladi? Tavsiyanoma olganlarning barchasiga imtiyoz beriladimi?

- Respublika oliy ta’lim muassasalariga ajratilgan qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan iqtidorli xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanomalar quyidagi mezonlar asosida beriladi:

- kam ta’minlangan, doimiy daromadga ega bo‘lmagan va to‘lov kontraktini to‘lashga layoqatsiz bo‘lgan oilalarga;

- to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlarga;

- 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan beva ayollarning (er) qizlariga;

- otasi yoki onasi nogiron bo‘lgan va kam ta’minlangan oilalarga;

- og‘ir uy-joy sharoitlarida yashayotgan va doimiy uy-joyiga ega bo‘lmagan oilalarga;

- ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan kam ta’minlangan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida hisobda turganlarga;

- nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalarga;

- oliy ma’lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan bir necha baravar past bo‘lgan tumanlar, shuningdek, olis va borish qiyin hududlarda yashovchi oilalar farzandlari uchun ular o‘z hududida muayyan muddat ishlash sharti bilan.

Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar alohida ajratilgan 4 foizlik kvota doirasida to‘plagan ballari bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi. Bundan tashqari, tavsiyanoma ajratilgan qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishida tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Savollarga DTM Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i Vohid Sirliboyev javob berdi.