Abituriyent repetitsiya jarayonida emas, test sinovi paytida telefondan foydalangani ma’lum qilindi
Ijtimoiy tarmoqlarda abituriyentning test sinovida telefondan foydalanayotgani aks etgan video tarqaldi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan jarayon nazorat qilinmayapti, degan mazmunda e’tirozlar bildirildi.
Mazkur holat tezkorlik bilan Davlat test markazi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda aniqlandi. Hozirda holat bo‘yicha Davlat test markazida barcha ma’lumotlar mavjud.
Bu holat Sirdaryo viloyatidagi 4-kameradan, ya’ni Guliston shahri markaziy stadionida bo‘lib o‘tayotgan test sinovlaridan olingan bo‘lib, mazkur abituriyentga tegishli tarzda chora ko‘riladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa, abituriyent test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmasligiga asos bo‘ladi.