Adabiyot ilmining allomasi - Vohid Abdullayevni eslab
Mashhur olim va shoir Vohid Abdullayev 1912 yil 15 mayda Samarqand shahrida tavallud topdi. Shahardagi 10-sonli maktabda o‘rta ta’limni olgach, Farg‘ona davlat pedagogika institutini a’lo baholar bilan tamomladi. Avval Moskvada, so‘ngra Toshkentda aspiranturada tahsil oldi. 1935-1943 yillarda Buxoro va Samarqanddagi pedagogika institutlarida kafedra mudiri bo‘lib ishladi. 1944 yildan umrining oxirigacha (1985 y.) Samarqand davlat universiteti o‘zbek adabiyoti kafedrasining dotsenti, mudiri bo‘lib ishladi.
Vohid Abdullayev 1963-1970 yillarda universitet rektori bo‘ldi. Ikki marta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining deputatligiga saylandi. 1941 yil fanda birinchi bo‘lib “Alisher Navoiyning Samarqanddagi hayoti va faoliyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Domlaning fandagi bu katta yutug‘iga Sadriddin Ayniy va boshqalar yuksak baho berdi.
O‘zining ilk ilmiy izlanishlarini Mir Alisher Navoiy ijodini o‘rganishdan boshlagan V.Abdullayev qariyb 50 yil talabalarga Navoiy merosidan, o‘zbek mumtoz adabiyotining boy tarixidan saboq berdi. “Alisher Navoiy Samarqandda”, “O‘zbek adabiyoti tarixi”, “Asrlar nafasi”, “Miriy va uning zamondoshlari” (B.Valixo‘jayev bilan hamkorlikda) kabi asarlardan tashqari 250 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar e’lon qildi. Bu maqolalarning ayrimlari 1980 yilda Toshkentda chop qilingan uning “Saylanma”siga kiritildi. U iste’dodli shoir, nasrnavis sifatida “Samarqand sayli”, “Bedor qo‘shiqlar” she’riy to‘plamlari; “Yangilik yarashadi”, “Madadkor eshelon” kabi risola va hujjatli qissalarini ham meros qoldirdi.
V.Abdullayev ilmiy faoliyati hududlar ufqining kengligidan, asarlarining ta’sir doirasi va ahamiyatining chuqurligidan ajralib turgan. 1950 yillarda u boshchilik qilayotgan SamDU o‘zbek adabiyoti kafedrasi o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarildi. Olim bu yerda birga faoliyat ko‘rsatayotgan hamkasblari, professor Abdurahmon Sa’diy, dotsent Mahmudali Yunusov, yosh olimlar Orif Ikromov, Nuriddin Shukurov, Rahim Muqimov, Saydulla Mirzayev, Boturxon Valixo‘jayevlarga bosh bo‘lib, butun g‘ayrat-shijoatini o‘zbek mumtoz hamda hozirgi zamon adabiyotining aktual masalalarini tadqiq qilishga, talaba yoshlarga chuqur bilim berishga, iste’dodli yosh olimlar tayyorlashga qaratdi.
V.Abdullayev 1959 yilda Bokuda “XVII-XVIII asrlarda Xorazmda o‘zbek adabiyoti” mavzuida doktorlik dissertatsisini himoya qildi. Ikki jilddan iborat bu tadqiqot o‘zbek mumtoz adabiyotini boyitdi. Asar Buxoro, Miyonkolot, Samarqand kabi qadimdan ilm-fan va badiiy ijod o‘chog‘i bo‘lib kelgan, shoir va adiblar haqida yangi boy material va fikrlar bilan to‘ldirilib, darslik holiga keltirildi hamda u “O‘zbek adabiyoti tarixi” (2-kitob) nomi bilan 1964, 1967, 1980 yillarda qayta nashr etildi.
Vohid Abdullayev 1960 yildan boshlab O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, 1966 yildan esa haqiqiy a’zosi etib saylandi. Akademik yaratgan maktab xalq xo‘jaligi, maorifi, oliy o‘quv yurtlari hamda ilmiy-tekshirish institutlari uchun yuqori malakali olimlar va pedagoglarni yetishtirib berishga katta hissa qo‘shdi. Jumladan, ilm, ijod yo‘llanmasini shu maktabdan olgan filolog olimlar Toshkent, Buxoro, Xorazm, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Termiz, Qarshi, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tekshirish institutlarida xizmat qilishgan. Ular orasida akademik B.Valixo‘jayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arboblari R.Muqimov, G‘.Salomov, N.Shukurov, S.Mirzayevlar, filologiya fanlari doktorlari, professorlar, taniqli yozuvchi shoirlar, jurnalistlar, davlat arboblari bor.
Bundan tashqari, V.Abdullayev rahbarligida yigirmadan ortiq yosh olimlar turli yillarda nomzodlik dissertatsiyalarini yoqladilar. Ayniqsa, 60-80-yillarga kelib kafedrada fan doktorlari va professorlar safi orta bordi, B.Valixo‘jayev (1968), N.Shukurov (1973), R.Muqimov (1975), R.Orzibekov (1983), S.Mirzayev (1976), Sh.Shukurov (1985), Sh.Xolmatov (1990) shular jumlasidan.
Vohid Abdullayev yuksak pedagogik mahoratga ega murabbiy edi. Uning darsxona va anjumanlardagi o‘ta mazmunli, qiziqarli ilmiy ma’ruzalari, saboqlarini tinglovchilari hanuzgacha shirin xotiralar bilan eslashadi. Domla bir necha marta davlat mukofotlari bilan taqdirlangan edi. Uning hayotlik yillarida tavalludiga 60, 70 yil to‘lishi munosabati bilan qator risolalar, bibliografik ocherklar nashr etildi.
Vafotidan so‘ng Samarqandda “Vohid Abdullayevich Abdullayev” (1987), “Ezgulik umr mazmuni” (1992), Toshkentda “Adabiyot ilmining allomasi” xotira asarlari chop qilindi, maktablarga, ko‘chalarga uning nomi berildi.
Akademik Vohid Abdullayevning hayot yo‘li buyuk Alisher Navoiyning:
Bu gulshan aro yo‘qdur baqo gulig‘a sabot,
Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot, -
baytiga hamohang tarzda kechdi, deyish mumkin. Negaki, ustoz qoldirgan yaxshi nom, ko‘plab kitoblar, solih farzandlar va yetishtirgan tajribali shogirdlar ajab saodatdir.
Isroil Sulaymonov,
SamDU mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi mudiri,
filologiya fanlari doktori.