Adiz Boboyev Turk dunyosi muhandislari va me’morlari ittifoqi raisini qabul qildi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Ilyas Demirji boshchiligidagi Turk dunyosi muhandislari va me’morlari ittifoqi a’zolarini qabul qildi.
Mehmonlar Samarqandda Turk dunyosi muhandislari va me’morlari ittifoqining turkiy dunyo shaharsozlik qurultoyini tashkil etishda ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirdilar.
Tomonlar ikki davlat Prezidentlarining oqilona siyosati tufayli O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari jadal rivojlanayotganini qayd etdi. Bugungi kunda viloyatimizda Turkiya kompaniyalari ishtirokidagi 104 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, ularning 48 tasi qo‘shma, 56 tasi esa xorijiy korxonalar hisoblanadi.
Hozirda Samarqandda shaharsozlik yo‘nalishida Turkiyaning bir qator kompaniyalari bilan loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Xususan, ilg‘or texnologiyalar va boshqaruv yechimlari asosida shahar qurilishini takomillashtirish, shuningdek, yashil energiya sohasida qardosh xalqlarning muhandislik yutuqlarini o‘rganishda Turk dunyosi muhandislar va arxitektorlar ittifoqi bilan samarali hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Viloyat rahbari bu jarayonda hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha aniq takliflarni qabul qilib, o‘rganib chiqishga tayyorligini bildirdi.